O‘zbekistonda bo‘lib o‘tadigan Prezident saylovi xalqaro hamjamiyat diqqat markazida bo‘lib, ijtimoiy-siyosiy, ekspert-tahliliy, ilmiy-akademik doiralarda va ommaviy axborot vositalarida keng muhokama qilinmoqda. “Jahon” axborot agentligi mazkur muhokamalarga e’tibor qaratdi.

Mahfuz Sidiq, Indoneziya parlamenti xalq vakillari palatasi qishloq xo‘jaligi, o‘rmonchilik, baliqchilik va aholini oziq-ovqat bilan ta’minlash masalalari qo‘mitasi a’zosi:

— O‘zbekiston rivojlangan demokratik huquqiy davlat va kuchli fuqarolik jamiyati barpo etish yo‘lida ishonch bilan odimlab bormoqda. Bunga biz o‘zbek matbuoti orqali kuzatib borayotgan Prezident sayloviga rejali va har tomonlama tayyorgarlik jarayonlari ham misol bo‘la oladi.

Men ikki marta mamlakatingizda bo‘lib o‘tgan saylovlarda xalqaro kuzatuvchi sifatida ishtirok etganman hamda har gal demokratiyaning eng yaxshi an’analari va xalqaro tajribaning ijobiy jihatlarini qabul qilish yo‘li bilan O‘zbekistonda saylov jarayonlarining bosqichma-bosqich rivojlanib borganining guvohi bo‘lganman.

O‘zbekistonning mamlakatni modernizatsiya qilish, ijtimoiy va iqtisodiy rivojlantirish hamda saylov sohasini takomillashtirish borasida erishgan muvaffaqiyatlari yuksak bahoga munosib.

Professor Magdi Za’bal, Zakazik universiteti milliy tadqiqotlar markazi direktori, Qohiradagi Misr—O‘zbekiston do‘stlik jamiyati raisi:

— O‘zbekistonda Birinchi Prezident Islom Karimov rahbarligida keng ko‘lamli ijobiy o‘zgarishlar amalga oshirildi — mamlakatning jadal iqtisodiy taraqqiyoti va uni keng ko‘lamli modernizatsiyalashga xizmat qilgan siyosiy barqarorlik, mustaqil tashqi siyosat yo‘nalishi va xavfsizlik ta’minlandi.

Shu bilan birga, mamlakatda adolatni, fuqarolarning o‘z xohish-irodasini erkin bildirishini, ovoz berishning mutlaq ochiqlik va oshkoraligini kafolatlaydigan saylov tizimi yaratildi. Shunisi quvonchliki, mamlakatda milliy qonunchilikni takomillashtirish borasida maqsadli va bosqichma-bosqich ishlar olib borilmoqda. Bu borada O‘zbekiston o‘z amaliyoti hamda xorijiy davlatlarning ilg‘or tajribalariga tayanmoqda.

Ochiq demokratik huquqiy davlat bo‘lgan O‘zbekiston o‘zining xalqaro burchlarini izchil bajarib kelmoqda, mamlakatda bo‘lib o‘tadigan saylovlarga xalqaro tashkilotlarda faoliyat olib boradigan tajribali mutaxassislarni — xalqaro kuzatuvchilarni muntazam ravishda taklif etmoqda.

2005—2009-yillarda Misrning Toshkentdagi elchixonasida madaniyat masalalari bo‘yicha maslahatchi bo‘lib xizmat qilish baxtiga muyassar bo‘lganman. Bundan tashqari, O‘zbekistonda 2014-yilda parlament saylovida xalqaro kuzatuvchi bo‘lganman va uning yuksak darajada tashkil etilgani, shaffoflik tamoyiliga asoslangan holda o‘tganiga guvoh bo‘lgandim.

ULASHISH