Dunyoga mashhur qo‘shiqchilar Madonna va Jorj Maykl qo‘shiqlar muallifi uchun beriladigan Songwriters Hall sovrini uchun raqobatda bo‘ladi. Bu haqda musiqachi Jonni Merser tomonidan 1969-yilda asos solingan tashkilot sayti xabar berdi.

Mazkur tashkilot muxlislar qalbidan joy olgan mashhur qo‘shiqchilarning asarlarini saqlash va yosh ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlash uchun tuzilgan.

Nominatsiya da’vogarlari orasida kanadalik mashhur rok-musiqachi Brayan Adams, amerikalik Vins Gill, britaniyalik Ket Stivens, “Gremmi” sovrinini besh bor qo‘lga kiritgan Glori Estefan, britaniyalik yana bir qo‘shiqchi-bastakor Jeff Linn, amerikalik kompozitor Devid Geyts kabilarning nomi ham bor.

Shuningdek, Kool & the Gang va Chicago kabi guruhlar nominantlar qatoridan joy olgan. Birinchi bor ro‘yxatda rep ijrochi paydo bo‘ldi — Jay Z (Shon Kori Karter).

Shu yilning 16-dekabriga qadar musiqa shinavandalari internet orqali kamida ikkita qo‘shiqqa ovoz berishi mumkin. Har yili bo‘lib o‘tadigan taqdirlash marosimi esa 2017-yilning 15-iyun kuni Nyu-York shahriga tayin qilingan.

Ayni vaqtda shuhrat peshtaxtasida 400 ga yaqin qo‘shiqlar muallifining nomini uchratish mumkin.

manba: Daryo.uz

ULASHISH