Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti rektori Shuhrat Sirojiddinov lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini mukamallashtirish lozimligi haqida fikr bildirdi. Bu haqda u “Oila davrasida” gazetasi o‘quvchilariga bergan javoblariga aytib o‘tdi.

“Nazarimda, bugungi kunda lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini yanada mukammallashtirish davr talabiga aylandi. Amaldagi alifboga asoslangan imlo qoidalarimizni qayta ishlab chiqish muhim va ayni kunda zaruriy ehtiyoj hisoblanadi. Bu alifbodagi ayrim ziddiyatli holatlar bilan bog‘liq. Misol uchun, lug‘at boyligimizdan o‘rin olgan jurnal, jirafa kabi o‘zlashma so‘zlardagi ‘j’ tovushini yangi alifboda ifoda etishning imkoni yo‘q. Bu tovush ‘j’ harfi bilan yozilsa, talaffuz va imloda ziddiyat kuzatiladi. Bu esa savod chiqarayotgan o‘quvchilarda noqulaylik tug‘dirmoqda”, — deydi Shuhrat Sirojiddinov.

“Ikkinchidan, alifboda ‘ng’ burun tovushi uchun maxsus harf berilmagan. Bu holat ayni tovushni so‘z tarkibida yonma-yon kelgan ‘n’ va ‘g’ tovushlaridan farqlanmasligiga sabab bo‘lmoqda. Shu bois o‘quvchilar ‘dengiz’, ‘ko‘ngil’ kabi so‘zlardagi ‘ng’ harfiy birikmasini ikki tovush tarzida tushunib, bu so‘zlarni bo‘g‘in ko‘chirishda qo‘pol xatoga (‘den-giz’, ‘ko‘n-gil’ tarzida) yo‘l qo‘ymoqda. Vaholanki, bir tovushni ifoda etuvchi ‘ng’ harfiy birikmasi bo‘g‘in ko‘chirishda bir-biridan ajratib yozilmasligi kerak. Umuman, alifboda tovushlarni harfiy birikma tarzida qayd etish masalasini jiddiy o‘ylab ko‘rish kerak. Bunday misollarni yana davom ettirish mumkin”, — dedi professor.

“‘Ц’ harfi o‘zbek tili imlosidagi dolzarb mavzulardan biri hisoblanadi. Darhaqiqat, ‘ц’ undoshi bilan bog‘liq so‘zlarning zarur o‘rinlarda noto‘g‘ri qo‘llanilayotgani o‘quvchilarni chalg‘itmoqda. Masalan: ‘ц’ undoshi o‘rniga qo‘llanilayotgan lotin imlosidagi ‘ts’ harf birikmasi ba’zi o‘rinlarda o‘zini oqlamaydi — ‘ssenariy’, ‘biotsikl’, ‘biotsentr’, ‘sirkul’ va hokazo. Milliy talaffuzimizdan kelib chiqqan holda imlo qoidalariga ‘ц’ undoshi bilan bog‘liq o‘zgartirish kiritilishi rejalashtirilgan”, — dedi universitet rektori.

“Hamma so‘zlarni ham lotin va kirill alifbolarida bir xil yozilishini talab qilish unchalik to‘g‘ri emas. Bu alifbolar bir-biridan tamoman farqli yozuvlardir. Buning ustiga, bora-bora kirill yozuvi amaliyotdan chiqib ketadi, o‘rganuvchiga kirill ‘etalon’ bo‘lmay qoladi. Shuning uchun ham kirillda qanday bo‘lsa, lotinda ham shunday yozishga urinish maqsadga muvofiq bo‘lmaydi. ‘Хом ашё’, ‘темир йўл’ kabi qo‘shma so‘zlarni lotinda ‘xomashyo’, ‘temiryo‘l’ tarzida yozishni qoidalashtirish til tabiatiga muvofiq keladi. ‘Мўъжиза’ so‘zini lotin yozuvida balki tutuq belgisisiz yozishni qoidalashtirishni o‘ylab ko‘rish joiz. Go‘yoki mazkur qoidada harfdagi qo‘shimcha unsur tutuq belgisiga yaqin bo‘lgani uchun, o‘xshash belgilar takroridan qochishga harakat qilinganday ko‘rinadi. Albatta, bu ilmiy yoki asosli yechim emas; ‘budjet’ so‘zining yozilishini ham o‘ylab ko‘rish maqsadga muvofiq. Universitetimizda tuzilgan maxsus ishchi guruh shunday takliflarni tayyorlash borasida ish olib bormoqda”, — deydi professor Sirojiddinov.

ULASHISH