Ko`zning toliqishi, sovuq havo, past darajadagi namlik… Bunday noxush holatlarda ko`rish o`tkirligini qanday saqlab qolish mumkin? Ko`zlarimiz xuddi sezgir barometrga o`xshaydi. Jismoniy toliqish, surunkali uyqusizlik, fasllar almashinuvi uning e`tiboridan chetda qolmaydi. Ayniqsa, sovuq ob-havoda kun qisqaligi, harorat o`zgaruvchanligi va havo quruqligiga juda ta`sirchan bo`ladi. Asosiysi, ko`zlarimizni shu kabi holatlarning zararli ta`siridan himoyalanishni o`rgansak bo`lgani.

Sovuq

Sovuq ob-havo ta`sirida ko`zlarimizda qishki kon`yuktivit rivojlanishi mumkin. Bu allergik kasallik bo`lib, sovuq kunlarda yosh oqishi, ko`z va uning atrofida qichishish va teri qizarishi kuzatiladi. Issiq xonaga kirganda bu belgilar o`z-o`zidan yo`qoladi. Agar sizda ham bunday alomatlar kuzatilsa, sovuq kunda ko`chaga chiqishdan oldin ko`z va burunga shifokor tavsiya etgan antigistamin tomchilar (allergiyaga qarshi) tomizib oling. Kechasi uyquga ketishdan oldin ham ko`zlaringizga e`tibor bering. Yangi damlangan choyning paketchasi yoki choyga botirib olingan dokali tamponni ko`zlaringizga 10 daqiqaga qo`ying.

Quruq havo

Sovuq kunlarda isituvchi moslamalardan foydalanish va past darajadagi namlik ko`zning himoyalovchi muguz pardasidagi suyuqlikni bug`lantirib, qichishish, qizarish va quruqlashishni keltirib chiqaradi. Ko`zlaringiz namlik kamligidan qiynalsa, kun davomida ikki litrdan kam bo`lmagan miqdorda suyuqlik ichishga harakat qiling. An`anaviy yoki ultratovushli namlantiruvchi vositalar yordamida xonadagi havoning namlik darajasini oshirib turing. Kompyuterda ishlayotganingizda yoki televizor tomosha qilayotganingizda ko`zlaringizni ko`proq pirpirating. Buni eslatma sifatida qog`ozga yozib, monitorga yopishtirib qo`yishingiz ham mumkin. Ko`zlardagi quruqlikni dorixonalarda sotiladigan «sun`iy ko`z yoshlar» deb nomlanadigan maxsus tomchilar yordamida ham yo`qotish mumkin. Lekin bu tomchilarni ishlatishdan avval albatta shifokoringiz bilan maslahatlashishni tavsiya etamiz.

Yorug`lik kamligi

Ko`zlaringizni zo`r berib urinmasligi va yorug`lik kamligidan toliqmasligi uchun uyingiz va ish joyingizning to`g`ri yoritilganiga e`tibor bering. Kompyuter monitorida nurlar jilvalanishiga yo`l qo`ymang. Monitorning yorqinligi va kontrastini ko`zlaringizga qulay tarzda moslashtiring. Har soatda besh daqiqali tanaffus qiling, ko`zlaringizni yumib, ularga dam bering, mashqlar bajaring. Besh soniya yaqinda turgan buyumni kuzating, keyin besh yana shuncha vaqt uzoqdagi narsalarga qarang. Ko`z mushaklarini chiniqtirish uchun boshingizni qimirlatmagan holda qorachiqlaringizni aylantiring. Kompyuterda ko`p ishlasangiz, maxsus ko`zoynaklardan foydalanishni tavsiya etamiz.

Ultrabinafsha nurlar

Qishda ko`zlar yozga nisbatan ko`proq ultrabinafsha nurlardan zararlanadi. Qor va muzlar quyosh nurlarini qaytarib, ko`zning to`r pardasiga ta`sir etadi. Oqibatda ko`rish qobiliyati pasayishi yoki kon`yuktivit vujudga kelishi mumkin. Ko`zlarni himoyalash uchun qishda ham sifatli quyoshdan himoyalovchi ko`zoynaklardan foydalaning.

Vitamin tanqisligi

«Ko`rish qobiliyatim doim a`lo darajada bo`lsin», desangiz, organizmingizda vitamin va minerallarning zaxirasi bo`lishi kerak. Ko`zga kerakli vitaminlar A, S va E hisoblanadi. Bulg`or qalampiri, sabzi, qora qorag`at, baliq, treska balig`ining jigari, bug`doy uni va o`simlik yog`ida ko`z uchun kerakli vitaminlar bisyor. Shuning uchun ularni taomnomangizga albatta qo`shing. Ko`zga foydali antioksidantlar chernika mevasida ko`p.

Uyqusizlik

Uyquga to`ymaslik, uyqusizlik jiddiy ko`z kasalliklariga sabab bo`lishini olimlar allaqachon isbotlashgan. Uyqudan turganda ko`zlardagi noqulaylik va tasvirning aniqmasligi xavotirli belgilar hisoblanadi. Shuning uchun ham bir kunda 8 soat uxlashni kanda qilmang.

Zararli odatlar

Chekish ko`zning shoh pardasiga zarar etkazuvchi omillardan biri hisoblanadi. Kasallik asta-sekin rivojlanadi, ko`rish qobiliyati pasayadi, hatto butunlay yo`qolishi ham mumkin.

Ko`zni dam oldirish uchun mashqlar

Agar ko`zingiz kompyuter qarshisida o`tirganingizdan, kitob o`qiganingizdan yoki televizor tomosha qilganingizdan charchaganini sezsangiz, quyidagi mashqlarni bajaring. Ularni tik turgan yoki o`tirgan holda amalga oshirish mumkin.

Boshni mutlaqo qimirlatmasdan, ko`z qorachiqlari avval chapdan o`ngga, keyin o`ngdan chapga aylantiriladi, ya`ni katta doira bo`ylab harakatlanishi kerak.

Yuqoriga qarab, nigohni sekingina o`ngga ko`chiriladi (ko`zning yuqorigi o`ng burchagiga qaragan holda). Keyin nigohni pastga o`ng burchakka tushurib, sekin-asta chap burchakka ko`chiriladi (chapga qaragan holda). Nigohlarni yana yuqori ko`tarib, ko`zning pastki chap burchagiga qaraladi.

Endi bu mashqlarning hammasi teskari yo`nalishda bajariladi. So`ng nigohingizni imkon boricha yuqori ko`tarib, jadal pastga tushirasiz. Shu harakatni 10 marta takrorlagach, ko`z qorachig`i bir marta chap burchakka imkoniyat boricha ko`chiriladi. Mashq doiraviy harakat bilan tugatiladi.

manba: Darakchi.uz

ULASHISH