Ko’pchilik eshitmagan 5 yirik kompaniya

Shunday kompaniyalar borki, ularning faoliyati haqida ko’pchilik eshitmagan, ular diqqat markazidan tashqarida. vc.ru kamdan-kam keng muhokama qilinadigan yirik kompaniyalar faoliyatini o’rganib, ular haqida ma`lumot taqdim qildi.

McKesson

mckessonMcKesson — Amerikaning farmatsevtika kompaniyasi, AQSh va Kanadaning eng yirik dori-darmon distribyutori. Kompaniya barcha dori preparatlarining uchdan birini Shimoliy Amerikaga yetkazib beradi. McKesson’ga 3000dan ortiq dorixonadan iborat Health Mart franchayzing tarmog’i tegishlidir.

Glencore

Glencore plc — Shveytsariyaning Baar shahrida joylashgan transmilliy xom ashyo treyderi. Hozirgi kompaniya 2013 yilda Glencore’ning Xstrata tog’-kon korxonasi bilan qo’shilishi natijasida hosil bo’lgan. Bugungi kunda Glencore plc butun dunyo bo’ylab 150dan ortiq aktivlarga egalik qiladi.

Kompaniya uch yo’nalishga ixtisoslashgan: metallurgiya, energetika va qishloq xo’jaligi. Glencore — mis, nikel, alyuminiy yetkazib beruvchi eng yirik kompaniya, bundan tashqari u yana rux va ferroxrom yetkazib berish bo’yicha yetakchi o’rinlarda. Argentina, Chili, Peru va Qozog’istondagi tog’-kon aktivlari mazkur kompaniyaga tegishli.

Shuningdek kompaniya don mahsulotlari, yog’li urug’lar va shakar yetkazib berish bilan ham shug’ullanadi. Glencore’ning asosiy agrosanoat aktivlari MDH davlatlari, Avstraliya va Janubiy Amerikada to’plangan.

Kompaniya butun dunyo bo’ylab 90dan ortiq idoralarini ochgan, ularda 160 mingcha kishi faoliyat yuritadi. 2015 yil yakunlariga ko’ra, kompaniya daromadi 172,7 milliard dollarni tashkil qilgan.

Vitol

Vitol — Jyenevada joylashgan xalqaro kompaniya. Vitol’ning asosiy faoliyat sohasi — neft va neft mahsulotlari bilan savdo qilish. Har kuni kompaniyada taxminan 5 million neft barreli aylanadi, Yaponiya har kuni taxminan shuncha miqdordagi neftni iste`mol qiladi. Kompaniyaning butun dunyo bo’ylab 40dan ortiq vakolatxonalari mavjud.

Vitol’ga qarashli VTTI kompaniyasi 11 mamlakatda neft terminaliga ega — Niderlandiya, Latviya, AQSh va Rossiya shular jumlasidandir. Vitol neftni rafinadlash bilan shug’ullanuvchi Fujairah Refinery Company Limited komppaniyasiga egalik qiladi. Shuningdek Germaniya, Shveytsariya, Belgiya va Avstarliyadagi korxonalarga investitsiya kiritgan.

Unga tegishli yana ikki kompaniya — Arawak Energy hamda Vitol E&P neft va gaz qazib chiqarish bilan shug’ullanadi. Birinchi kompaniya Ukraina, Qozog’iston va Ozarboyjon hududlarida faoliyat olib borsa, ikkinchisi — Gana va Kot d’Ivuarda. 2015 yilda kompaniya daromadi 168 milliard dollarni tashkil qildi.

Vinci

Vinci — loyihalashtirish, qurilish va infratuzilma ob`yektlari boshqaruvi bilan shug’ullanuvchi fransuz kompaniyasi. 2015 yilda kompaniya dunyoning 100dan ortiq mamlakatida 280 mingga yaqin loyiha ustida ish olib borgan. Bugungi kunda Vinci eng yirik qurilish kompaniyalardan biri, shu bilan birga dunyo aeroportlari hamda Yevropa avtomagistralining eng yirik operatori hisoblanadi.

Vinci Luvrning Shisha ehromi, Normandiya ko’prigi, «Stad de Frans» stadioni kabi yirik qurilishlarida ishtirok etgan.

Kompaniyada 185 mingdan ortiq xodimlar faoliyat yuritadi. 2015 yil yakunlariga ko’ra, Vinci daromadi 42 milliard dollarni tashkil qilgan.

Maersk

Maersk Group — transport, logistika va energetika sohalarida ish yurituvchi Daniya konglomerati. Transport va logistika sohalarida Maersk’ning bir qator kompaniyalari ish yuritadi: dengizda yuk tashishga ixtisoslashgan Maersk Line, yuk tashish va ta`minot zanjirini boshqarish bilan shug’ullanuvchi Damco hamda buksirlash xizmatlari va favqulodda holatlarda yordamga keluvchi Svitzer kompaniyalari. Bu kompaniyalarning barchasi o’z sohasida yetakchi hisoblanadi.

Shuningdek Maersk energetika sohasida ham faoliyat olib boradi. Konglomerat Shimoliy dengizning Daniya va Britaniya sektorlari, Qatar va Qozog’istonda neft ishlab chiqaradi. Bundan tashqari, kompaniya burg’ulash xizmatlarini taqdim etadi va xom neftni tashishga mo’ljallangan yirik tankerlar flotiga egalik qiladi.

Kompaniyaning 130 mamlakatdagi bo’limlarida jami 88 mingcha kishi ish olib boradi. 2015 yilda uning daromadi 10 milliard dollarni tashkil qilgan.

manba: Kun.uz

ULASHISH