Aslida ko`ngil aynishini keltirib chiqaruvchi ellikdan ortiq sabablar mavjud. Asosiylari esa quyidagilar:

1. PANKREATIT. Oshqozon osti bezi yallig`lanishi bilan kechadigan pankreatit asosan o`t-toshi kasalligi, ko`p ovqat eyish va turli infeksiyalar oqibatida kelib chiqadi. Bunda qorinning yuqori qismi va chap tomoni sanchib og`riydi, bemorning ko`ngli aynib, qusadi, ishtahasi yo`qoladi. Pankreatitni davolashda oshqozon osti bezining ferment ishlab chiqarishini ko`paytiradigan dorilar buyuriladi.

2. XOLESISTIT. O`t pufagining yallig`lanishi o`rta va keksa yoshdagi ayollarda ko`proq uchraydi. O`t (safro) haydalishi buziladi, ovqat egandan so`ng o`ng qovurg`a ostida to`satdan og`riq turadi, ko`ngil aynishi va qusish kuzatiladi. Kasallikning uchinchi kunidan boshlab teri va ko`z oqi sarg`ayadi, peshob qizg`ish tusga kiradi. Xolesistitni gastroenterolog davolaydi, zarur muolajalardan so`ng ko`ngil aynishi to`xtaydi.

3. MIGREN. Asosan ayollar kasalligi hisoblangan migrenda boshning yarmi(ko`pincha chakka qismi) og`riydi. Kasallik xuruji asabiylashish yoki o`ta charchagandan so`ng boshlanadi. Qon tomir tonusini boshqarib turadigan nervlar ishi buzilishi oqibatida migren xurujlari 2-3 soatdan bir necha kungacha davom etadi. Bunda bemorning ko`ngli aynib, qayt qiladi, shundan so`ng og`riq biroz bosiladi. Migrenni davolash uchun uning sabablarini aniqlab, bartaraf etish kerak.

4. MIYa ChAYQALIShI. Kalla suyagi shikastlanishi natijasida miya pardalari zararlanadi, bemor biroz muddat (bir necha daqiqa) hushini yo`qotadi. Hushiga kelgach, ko`ngli ayniydi, rangi oqarib, tomiri tez uradi. Ba`zan ko`ngli aynishi bir necha hafta davomida takrorlanadi.

5. QANDLI DIABET. Organizmda me`da osti bezi gormoni – insulin etishmasligi oqibatida moddalar almashinuvi buziladi. Davolash kechiktirilganda organizm zaharlana boradi, keyinchalik bemorning ishtahasi yo`qoladi, chanqash, darmon qurishi, teri qichishishi kuchayadi. Bemor ko`p peshobga qatnaydi, ko`ngli aynib, qayt qiladi, og`zidan aseton hidi kelib turadi.

6. QANDSIZ DIABET. Buyraklar faoliyati buzilishi natijasida qonda vazopressin gormoni kamayadi. Bemor peshobida qand bo`lmaydi va uning solishtirma og`irligi past bo`ladi. Ko`pincha organizm suvsizlanib, buning natijasida bemorning darmoni quriydi, boshi aylanadi va ko`ngli aynab, qayt qiladi.

7. NITRATDAN ZAHARLANISh. Och qoringa ko`p meva yoki sabzavot eyilganda, ko`klam oxirlari va yoz boshlarida nitratlari serob yangi mevalar iste`mol qilinganda ko`ngil aynishi hamda qusish ro`y beradi. Noinfeksion ich ketishi kuzatiladi. Bunday vaqtda dorilar qabul qilishga shoshilmasdan, quyuq damlangan ko`k choy ichish va biroz muddat och yurish ko`ngil aynishi o`tib ketishida foyda beradi.

8. GASTRIT. Muntazam quruq eguliklar iste`mol qilish, shuningdek, ovqatlanish tartibining buzilishi oqibatida kelib chiqadigan gastritda me`da shilliq pardasi yallig`lanadi. Qorinning yuqori qismi vijirlab og`riydi. Ovqat egandan so`ng ko`ngil aynib, kishi o`qchiydi. Ayrim hollarda qusishi mumkin. Bemor gastroenterolog shifokor nazoratida davolanadi.

Shuningdek, ko`ngil aynishi qorin bo`shlig`i a`zolari kasalliklarida, homiladorlikdagi toksikoz, spirtli ichimliklar ichganda, avtomobilda uzoq masofaga borish davomida gaz isidan yoki benzin hididan zaharlanganda, qattiq hayajonlanganda yoki biror narsadan ranjiganda, ko`pincha infeksion kasalliklarda kuzatiladi. Ko`ngil ayniganda ozgina paxtaga novshadil spirti tomizib hidlansa yoki 1 oshqoshiq suvga yalpiz damlamasidan 10-15 tomchi tomizib ichilsa, nafi tegadi. Toza havoga chiqib sayr qilish ham ko`ngil aynishini qoldirishi mumkin. Lekin bu noxush holat kishini bezovta qilaversa, sababini aniqlash va tegishli davolash uchun mutaxassis shiforkorga murojaat qilish lozim.

manba: Darakchi.uz

ULASHISH