AQShdagi Kolumbiya federal okrugining aksariyat aholisi 8-noyabr kuni bo‘lib o‘tgan referendum chog‘ida ma’muriy maqomni shtatga o‘zgartirish uchun ovoz berdi. Bu haqda Meduza xabar bermoqda.

Kolumbiyaning AQSh 51-shtatiga aylanishini referendum chog‘ida federal okrugning 80 foiz aholisi qo‘llab-quvvatlagan.

Referendumga qo‘yilgan ma’muriy maqomni o‘zgartirish loyihasi Kolumbiya o‘zini shtat deb e’lon qilishi, biroq hukumat tuzilmalari joylashgan federal okrugni o‘z hududida saqlab qolishini nazarda tutadi.

Referendumdan so‘ng AQSh Kongressi Kolumbiyaga shtat maqomini berish to‘g‘risidagi qonun loyihasini ishlab chiqishi, uni parlamentning har ikkala palatasi ma’qullashi, oxirida esa unga prezident imzo chekishi kutilmoqda.

AQShda so‘nggi bor eng yangi shtatlar 1959-yili paydo bo‘lgan. O‘shanda Alyaska mamlakatning 49-shtati, Gavayi orollari esa 50-shtatiga aylangan.

manba: Daryo.uz

ULASHISH