Xushmuomalalik va tarbiyalilik — har doim hurmat qilinadigan fazilatlar. Siz oddiy kiyingan bo‘lishingiz mumkin, biroq xushmuomalalik va odob-axloq qoidalariga rioya qilishingiz — siz haqingizda eng yaxshi taassurotni uyg‘otadi.

Quyida zamonaviy odob-axloq qoidalarining eng asosiylarini e’tiboringizga havola etamiz.

  1. Ayol kishi bor xonada erkak kishi faqat uning ruxsati bilan chekishi mumkin;
  2. Kim bo‘lishingizdan qat’i nazar (direktor, akademik, keksa ayol yoki maktab o‘quvchisi) bino yoki xonaga kira turib, birinchi salom bering;
  3. Yozishmalarning sir tutilishiga amal qiling. Ota-onalar ularning bolalariga yuborilgan maktublarni o‘qimasligi lozim. Er-xotin ham bir-biriga nisbatan shunday munosabatda bo‘lishi kerak;
  4. Juda baland kulish, baland ovozda murojaat qilish, jamoat joylarda odamlarga tikilib qarash odobdan emas;
  5. Atirdan foydalanishning oltin qoidasi — me’yorni bilish;
  6. Kino, teatr, konsertga kirganda o‘tirganlarga orqa o‘girmasdan joyingizga o‘ting. Birinchi bo‘lib erkak kishi o‘tadi;
  7. Ayol kishi xonaga kirganda shlyapa va qo‘lqoplarini yechmasligi mumkin, biroq shapka va boshmaldoqli qo‘lqopni emas;
  8. Agar sizni haqorat qilishgan bo‘lsa, shunday ohangda javob qaytarishingiz shart emas. Ayniqsa sizni kamsitgan kishiga nisbatan ovozni ko‘tarish yaramaydi. Tarbiya ko‘rmagan suhbatdoshingizni tabassum va muloyimlik bilan tark eting;
  9. Ko‘chada erkak kishi ayol kishidan chapda yurishi lozim. O‘ng tomonda faqat harbiycha salom berishga tayyor turishi kerak bo‘lgan harbiylar yurishi mumkin;
  10. Haydovchilar o‘tkinchilarga sovuqqonlik bilan loy sachratish o‘taketgan surbetlik ekanligini yodda tutishi lozim;
  11. Oyoq kiyim doim toza turishi kerak;
  12. Agar biror kishi bilan ketayotgan bo‘lsangiz va hamrohingiz sizga notanish kishiga salom bersa, siz ham u bilan salomlashing;
  13. Parhezda ekanligingiz haqida hammaga eshitiladigan qilib gapirish tarbiyasizlikdir. Qolaversa, bu bahona bilan mehmondo‘st uy bekasi taklif qilgan taomdan bosh tortish ham noto‘g‘ri;
  14. Mehmonga borishdan avval uy egasiga qo‘ng‘iroq qilib qo‘ying. Aks holda uni noqulay ahvolga solib qo‘yishingiz mumkin;
  15. Jamoat transportida telefonda so‘zlashmang. Ayniqsa — uzoq vaqt davomida, ayniqsa — baland ovozda.

Qoidalarning xulosa qismida shuni aytib o‘tishimiz kerakki, tarbiya ko‘rgan inson ko‘chada tupurishni yoki yonidan o‘tib ketgan qizning ortidan hushtak chalish yoki baqirishni hech qachon o‘ziga ep ko‘rmaydi.

Boshqalarni hurmat qiling, shunda ular ham sizni hurmat qiladi!

manba: Daryo.uz

ULASHISH