Rossiyaning Kemerovo viloyatida yashovchi daydi erkak ko`cha supuruvchi ayolning puli va hujjatlari solingan paketni o`g`irlab, o`g`irlangan pulga oziq-ovqat sotib olgan va egan ovqatidan bo`kib qolib, komaga tushgan, deb xabar berdi “Lenta.ru” nashri. 

Polisiyaga puli va hujjatlari yo`qolgan ko`cha supuruvchi ayol ariza bilan murojaat qilgan. Uning aytishicha, puli va hujjatlari solingan paketni axlat qutisiga ilib qo`ygan. Ishini tugatib qaytib kelganda, paketi joyida bo`lmagan. Oradan biroz vaqt o`tgach, tibbiyot xodimlari 56 yoshli, uy-joyi yo`q, daydi erkakning ko`p ovqat egandan bo`kib qolib, komaga tushganligi, yonidan ayollarning hamyoni topilgani haqida polisiyaga xabar bergan. Surishtiruv ishlari natijasida, hamyon ko`cha supuruvchi ayolga tegishli ekanligi aniqlangan. Tibbiyot xodimlari esa erkakni o`ziga keltirish uchun barcha chora-tadbirlarni qo`llashgan. Ma`lum bo`lishicha, erkak o`g`irlangan hamyonda mavjud bo`lgan 11 ming rublning hammasiga oziq-ovqat mahsulotlarini sotib olgan.

Bu holat bo`yicha Rossiya federasiyasi Jinoyat Kodeksining 158-moddasi, 2 qismi (“O`g`irlik”) bo`yicha jinoyat ishi qo`zg`atilgan. Mazkur modda bo`yicha daydi erkakka besh yilgacha qamoq jazosi tayinlanishi mumkin.

manba: Darakchi.uz

ULASHISH