AQSh prezidenti lavozimiga nomzodlar Xillari Klinton va Donald Tramp saylovlar oldidan oxirgi marta xayriya kechki ovqatida yuzma-yuz uchrashdilar va bir-birlariga navbatdagi «iltifotlar» bildirishdi. Alfred Smit jamg’armasining xayriya kechki ovqati prezidentlikka nomzodlar saylovlar oldidan oxirgi marta uchrashadigan an`anaviy tadbir hisoblanadi. Bu haqda xorijiy OAV xabar bermoqda.

Tramp va Klinton bu gal bir stol atrofida uchrashdilar. Kechki ovqatda bir-birini haqoratlash qabul qilinmagan. Ikki nomzod orasidagi «duel» o’zaro pichinglar tarzida o’tdi. Tramp mikrofon oldiga kelib, Klintonning yelkasiga muloyim qoqib quydi.

«Men Xillari bugun keladi deb ishonmagandim. Men sizlar elektron pochta orqali taklifnomalar yubormaysiz deb o’ylagandim. Balki, siz shunday qilgandirsiz ham va Xillari kechki ovqat haqida WikiLeaks’dan xabar topgan bo’lsa, ajabmas. Biz raqibim bilan yaqindagi debatlarda bir-birimizga muloyim bo’la olishimizni tan oldik. Aslida, Xillari tribunaga chiqa turib, menga tegib ketdi va juda muloyim «Kechirasiz» deb aytdi. Men ham unga muloyimgina «Keling bu haqda mening prezidentlik muddatim boshlanganda gaplashamiz», deb javob berdim», deb kesatiq qildi Tramp.

Xillari bu «pichinglar estafetasini» munosib qabul qildi. Xillari avval Trampning uning sog’lig’i borasidagi shubhalariga javob berdi.

«Men bu yerga kelish uchun o’zimning qat`iy uyqu jadvalimda tanaffus qildim va siz eshitganingizdek, mening bu yerda bo’lishim siz uchun ham noyob zavqdir, chunki men odatda bunday chiqishlarimga katta haq olaman», deb aytdi Klinton.

Shundan keyin Klinton hazil tarzida Trampni Moskvaning «odami» ekanligiga ishora qildi.

«Yaqinda Donald uchrashuvlaridan birida telesuflyorni o’chirib qo’yganini eslaysizmi? Men uni tushunaman. Undan foydalanish noqulay bo’lsa kerak, ruschadan so’zlarni tarjima qilgan holda nutq so’zlash yanada murakkabroq bo’lsa kerak. Aslida Donald ot kabi sog’lom, Vladimir Putin hamma yerda minib yuradigan ot bor-ku, o’sha kabi», deb kinoya qildi Klinton.

Klinton nutqida Trampning saylovlar natijasini faqat o’zi yutsagina tan olishi haqidagi gaplariga ham «izoh berib o’tdi».

«Yo ajab, men Donalddan keyin sahnaga chiqdim. U hokimiyatni tinchlik bilan berishga rozi bo’ladi, deb o’ylamagandim», deb yana kesatiq qilgan Klinton.

Bu «pichinglar» orasida Tramp o’z raqibiga debatlar vaqtida Klinton butun dunyoga AQShning davlat sirlaridan birini oshkor qilib qo’yganini eslatmadi. Klinton oxirgi debatda yadroviy raketani otishga buyruqdan uni otishgacha roppa-rossa 4 daqiqa ketishini aytgan. Ko’rinishicha, Tramp bu mavzuni hazillashishga sabab, deb  hisoblamagan.

manba: Kun.uz

ULASHISH