AQSh prezidentligi uchun Demokratik partiya nomzodi Hillari Klinton o’zining asosiy siyosiy raqibi, endilikda mamlakatning yangi saylangan prezidenti Donald Trampni 1 mln ovoz bilan ortda qoldirmoqda. Garchi, Klinton xonim, mag’lubiyatini tan olgan bo’lsa-da, unga Trampga nisbatan 1 mlndan ortiqroq saylovchi ovoz bergan, deb yozadi Politico nashri.

Saylovchilar ovozlarini dastlabki hisoblash natijasiga ko’ra, Klinton 61,963,234 ovoz to’plashga muvaffaq bo’lgan, Trampga 60,961,185 nafar saylovchi ishonch bildirgan. Ayni vaqtda Yuta, Kaliforniya va Vashington shtatlarida ovozlarni sanash ishlari davom etmoqda. Michigan shtatida ovoz berish yakunlari e`lon qilinmagan.

Saylov tizimining bevosita emasligi tufayli, prezidentlik saylovida Donald Tramp g’alaba qozondi. Biroq, yangi saylangan prezidentning o’zi ham Amerika saylov tizimini nomaqbul, deb hisoblashini yashirmaydi.

Eslatib o’tamiz, Amerika saylov qonunchiligiga ko’ra, saylovchilar u yoki bu nomzodni qo’llab-quvvatlovchi Saylovchilar hay`ati a`zolari uchun ovoz berishadi. Ular keyinchalik o’z nomzodlarini prezidentlikka saylashadi.

manba: Kun.uz

ULASHISH