Kletchatka – bizning tanamizdagi ko‘pchilik a’zolarning to‘g‘ri faoliyat ko‘rsatishini ta’minlaydigan muhim modda hisoblanadi. O‘simliklardan tayyorlangan oziq-ovqatlar tarkibidagi ozuqa tolalari inson organizmi faoliyatida, ayniqsa, hazm qilish a’zolari faoliyatida muhim rol o‘ynaydi. Kletchatka ovqat hazm qilish tizimini nojo‘ya mahsulotlardan, shu jumladan toksinlardan tozalashga yordam beradi.

Kletchatkalarni yetarlicha iste’mol qilmaslik nafaqat ovqat hazm qilish tizimi faoliyatiga, balki butun organizm faoliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Tananing “ifloslanishi” immun tizimi samaradorligining pasayishiga olib keladi, natijada inson tanasi turli kasalliklarga chalinishga moyil bo‘lib qoladi. Lekin dag‘al ozuqa tolalarini yetarlicha iste’mol qilish oshqozon-ichak kasalliklarining eng ko‘p tarqalgan sabablaridan biri hisoblanuvchi disbakteriozni davolashga yordam beradi.

Afsuski, hozirgi zamon kishilari muammosi — ularning ratsionida oldindan tozalangan (oqlangan) oziq-ovqat mahsulotlarining ko‘pligidir. Aytish joizki, bunday oziq-ovqatlarni iste’mol qilish ortiqcha vazn va semizlikka olib keladi. Ular tarkibida dag‘al va yumshoq ozuqa tolalari yo‘qligi sababli odam ovqatlanish paytida to‘yganini bilish hissiyoti uyg‘onmaydi, natijada organizm talab qilmasa ham yeyishda davom etaveradi.

Organizmdagi balansni saqlab turish uchun, tarkibida klechatkalarga boy bo‘lgan o‘simliklardan tayyorlangan xilma-xil oziq-ovqat mahsulotlarini iste’mol qilish lozim. Bularga nafaqat meva va sabzavotlar, balki butun donli don mahsulotlari hamda makaronli mahsulotlar va dag‘al undan tayyorlangan non ham kiradi.

Albatta, ovqat hazm qilish tizimi ishini yaxshilash uchun tarkibida parhezli kletchatkalari bo‘lgan tayyor preparatlardan ham foydalanish mumkin. Bu preparatlar ochlik hissini susaytiradi va parhez qilishda qo‘shimcha omil bo‘lib xizmat qiladi. Lekin shuni esda tutish lozimki, bunday preparatlar ozuqa tolalariga boy tabiiy mahsulotlar o‘rnini bosa olmaydi.

manba: Daryo.uz

ULASHISH