Vaziyat homiladorlikning kesarcha kesish bilan yakunlanishini taqozo qilgan ekan, tushkunlikka tushmang. Muhimi, farzandingiz bag`ringizda. Endilikda ardog`ingizdagi go`dak tinimsiz parvarish va e`tiborga muhtoj. Buning uddasidan chiqishingiz uchun operasiyadan keyin to`laqonli tiklanishingiz kerak. Shifokorning barcha tavsiyalariga amalga kilgandagina tiklanish jarayoni tez va asoratsiz kechadi.

1. OPERASIYaDAN KEYINGI MUOLAJA

Jarrohlik amaliyotidan so`ng oyoqqa qancha tez tursangiz, tiklanish jarayoni shuncha samarali kechadi. Chunki har qanday operasiyadan so`ng tomirlarda tromb hosil bo`lish xavfi tug`iladi. Bu ayniqsa 35 yoshdan keyin tug`adigan ayollarga tegishli. Aynan shuning oldini olish uchun shifokorlar operasiyadan keyin uzoq yotmaslikni, o`zini zo`riqtirmagan holda harakatda bo`lishni uqtirishadi. Shunday ekan, operasiya kunining ertasigayoq o`rningizdan turishga harakat qiling.

2. O`RINDAN TO`G`RI TURIShGA O`RGANING

Buni quyidagi ketma-ketlikda amalga oshiring:

*oyoqlarni tizzada bukib, yonboshlab oling.

*ehtiyotkorlik bilan qaddingizni ko`taring.

*yarim o`tirgan holda bir oz dam oling.

*yordamchining ko`magi bilan oyoqqa turing. Birinchi marta yurish uchun 2-3 qadamning o`zi kifoya.

3. EMIZING

Operasiyadan keyin ba`zi onalarda sut kelishi ancha kechikadi. Lekin go`dagingiz ona sutiga juda muhtoj. Bu yana o`z salomatligingiz uchun ham muhim. Emizish bachadonning tez qisqarishiga yordam beradi.

4. QABZIYaTGA YuZAGA KELMASIN

Sut mahsulotlari hamda kletchatkaga boy meva-sabzavotlar, ko`katlardan ko`proq iste`mol qiling. Non va qandolatchilik mahsulotlarini esa kamaytiring. Sababi, ular qorin dam bo`lishi va qabziyatni kuchaytiradi, choklarni og`rishiga olib keladi.

5. OG`IR KO`TARMANG!

Operasiyadan keyingi 6 oy ichida 3 kg.dan og`ir yukni ko`tarmang. Ma`lum vaqt oldinga egilishingiz qiyin bo`ladi. Bunday paytda kir yuvish, xonani tozalash kabi ishlarni oilaning boshqa a`zolariga topshiring. Maxsus bandaj taqib yurishga odatlaning. Bu qorin choklarini mahkam ushlab, shikastlanishlardan asraydi.

6. KASAL BO`LMANG!

Chilla davridagi ayol har qanday virus-bakteriyalarga nisbatan ta`sirchan bo`ladi. Salomatligingizda o`zgarish sezishingiz bilan shifokorga uchrang. Farzandingizni parvarishlash paytida, albatta, niqob taqing. O`rik, olma, zirk qoqisidan tayyorlangan damlamalar yordamida immunitetni ko`taring.

7. ChOK O`RNINI PARVARIShLANG

Operasiyadan keyin yara choklari kuniga 2 mahal, bir hafta davomida aseptika qoidalariga rioya qilgan holda maxsus parvarishlanadi. Buni imkon qadar malakali hamshira amalga oshirishi lozim. Asosan vodorod peroksid eritmasi yordamida yarani infeksiyalardan asrash maqsadida ishlov beriladi va tezroq bitishi uchun alohida surtma dori surtiladi. Agar chok o`rnida o`zgarishlar kuzatilsa, tezda shifokorga murojjat qiling.

8. ChO`MILISh QOIDALARI

Kesarcha kesish usulidan keyin ayol bir oygacha cho`milmasligi kerak. Bunda shaxsiy gigiena qoidalariga quyidagicha amal qilinadi:

*tananing belgacha bo`lgan qismi va beldan pastgacha bo`lgan sohalari yumshoq sochiqchani namlab asta-sekin yuvib, artiladi.

*yuvinish jarayonida yaraga suv tushib ketmasligiga, yara ustidagi bog`lam namlanib qolmasligiga alohida ahamiyat beriladi.

9. EHTIYoT BO`LING!

Jinsiy yaqinlik chilla davridan so`ng amalga oshiriladi. Jarrohlik amaliyotini boshdan kechirgan ayol o`z tanasiga “quloq solishi” kerak. Qorin pastidagi og`riq kamaydimi? Chok o`rni nimpushti bo`lib bitib qoldimi? Yoki o`rni hamon og`rimoqdami? Bu savollarga ijobiy javob berolmasangiz, yaqinlikni ma`lum vaqt ortga surgan ma`qul.

10. YaNA FARZAND KO`RISh ILINJIDA…

Onaning salomatligida hech qanday nuqson yo`q, chok joylari allaqachon bitgan, oradan kamida 3 yil vaqt o`tgan bo`lsa, ayol homilador bo`lishi va bemalol o`zi (tabiiy yo`l) bilan tug`ishi mumkin. Ammo bunda tug`ruq jarayonining choklar holati, bachadonga ta`sirini unutmaslik kerak. Aniq to`xtamga kelish uchun davolovchi shifokor bilan atroflicha maslahatlashish lozim.

manba: Darakchi.uz

ULASHISH