“Manchester Yunayted” bosh murabbiyi Joze Mourinyo jamoa sardori Ueyn Runiga o‘zi uchun boshqa klub topishga tavsiya bergani haqidagi mish-mishlarni rad etdi, deb xabar bermoqda “Chempionat.”

“Oramizda hech qanday muammo yo‘q. Lekin jurnalistlar gazetalarning sotilishi uchun turli hikoyalarni o‘ylab topishi kerak. Runi ‘MYu’ uchun muhim futbolchi. U hech qayerga ketmaydi. Biz uni, u esa bizni yaxshi ko‘radi. U oxirgi paytlarda zaxirada qolib ketayotgani uchun ko‘ngli to‘q emas. Runi haqida istagan narsangizni yozishingiz mumkin, ammo ular haqiqatga yaqin bo‘lmaydi”, – dedi portugaliyalik mutaxassis.

Avvalroq Joze Mourinyo Ueyn Runi asosiy tarkibda o‘ynashni istasa, boshqa jamoaga o‘tishni tavsiya qilgani haqida xabar berilgandi. Yuzaga kelgan holatdan so‘ng Italiyaning “Inter” klubi 31 yoshli futbolchiga qiziqish bildirgani ma’lum qilingan edi.

Ma’lumot uchun, joriy mavsumda Ueyn Runi Angliya chempionati doirasida 8 o‘yinda ishtirok etib, 1 ta gol va 2 ta golli uzatmaga mualliflik qildi.

manba: Daryo.uz

ULASHISH