Grechixa – temir moddasiga boyligi bilan boshoqli o`simliklar orasida chempion hisoblanadi. Tarkibidagi kalsiy, kaliy, fosfor, yod, sink, ftor, vitamin V1, V2, foliy kislotasi, RR va vitamin E ayollar organizmi uchun g`oyat foydalidir. Quyida grechixaning foydali xususiyatlari haqida tanishtiramiz.

 

  • Grechixadagi uglevodlar sekin so`rilishi hisobiga to`qlik hissini paydo qiladi. Parhez tutishni reja qilgan ayollar kechki ovqatga grechixadan taom iste`mol qilishlari mumkin.
  • Qandli diabet bilan og`rigan bemorlar uchun ham grechixa juda foydali ozuqa hisoblanadi. Ayniqsa, qatiqqa aralashtirilganini kunora iste`mol qilish qonda qand miqdorini pastlatishga yordam beradi.
  • Nonushataga grechixani sutga aralashtirib, bo`tqa tayyorlang. Bu egulik yurak va jigarga foydali bo`lib, organizmdan ortiqcha xolesterin chiqishini faollashtiradi.
  • Kamqonlikni davolashda 100 gr grechixani blenderda maydalab, talqon qiling. So`ng bir kunda 3 mahal yarim piyola sut bilan qabul qiling. Tarkibidagi temir moddasi qonda gemoglobin miqdorining ko`tarilishiga yordam beradi.
  • Bavosil yoki vena qon tomirlarining varikoz kengayishi kuzatilganida ham grechixadan taom va egulik iste`mol qilish tavsiya etiladi. Buning uchun grechixani tuzsiz suvda qaynatib, so`ng bir osh qoshiq sariyog` bilan dimlab pishirsangiz kifoya. Tarkibidagi rutin moddasi qon tomirlari devorini mustahkamlaydi.
  • Ateroskleroz bilan xastalanganlar grechixa unidan kisel ichishlari mumkin. Kiselni tayyorlash uchun 1 osh qoshiq grechixa unini 100 ml suv bilan aralashtirib, olovga qo`yasiz. Qaynab chiqqach 2-3 daqiqa olovda ushlab turib, so`ng tindiring. Damlama bir kunda ikki mahal ovqatdan oldin qabul qilinadi.
  • 1 osh qoshiq grechixa qizdirilgan quruq tovada qizartirib, so`ng blenderda maydalanadi.  Talqon xoliga kelgach, ozroq suv bilan aralashtirib, zuvala hosil qilinadi. Zuvalani frunkulyoz yaralariga qo`yilsa, yallig`lanishni oladi.
  • Halq tabobatida grechixaning qipig`i ham keng foydalaniladi. Grechixa qipig`i solingan yostiqchalar bo`yin osteoxondrozi bilan og`rigan bemorlar hamda uyqusizlikdan aziyat chekkanlar uchun tavsiya etiladi. Bunda qipiqli yostiqcha ortopedik ta`sir ko`rsatadi va og`riqlarni yengillashtiradi.

manba: Darakchi.uz

ULASHISH