Janubiy Koreya bugungi kunda dunyoning eng taraqqiy etgan mamlakatlar beshligiga kiradi, biroq yaqindagina mamlakatda yuzaga kelgan siyosiy inqirozni hattoki bu ham yumshata olmaydi. Butun mamlakat bo’ylab minglab odamlar ko’chalarga chiqib, prezident Pak Kin Xening iste`fosini talab qilmoqda. Ayol prezidentning reytingi atigi bir necha kun ichida keskin tushib ketdi. Bunga prezidentning bolalikdagi dugonasi – Tsoy Sun Silga tegishli planshetdan topilgan 2012-2014 yillarga taalluqli maxfiy hujjatlarning tarqalishi sabab bo’ldi. Ma`lum bo’lishicha, u prezidentga bevosita ta`sir o’tkazib kelgan va hattoki hukumat darajasidagi muhim hujjatlarni tahrir qilgan.

Tsoy Sun Sil o’zining folbin va afsungarligi bilan nom qozongan. Trendymen nashri ma`lumotlariga ko’ra, prezident Pak Kin Xe davlat darajasidagi ko’p masalalarni hal qilishni dugonasiga qoldirgan. Yo’qolgan planshetdan Tsoy Sun Silning mamlakat boshqaruviga aloqasi borligini tasdiqlovchi ko’plab dalillarni topishga muvaffaq bo’lingan.

Koreya Respublikasi prezidenti Pak Kin Xe bu ayblovlarni rad etmadi, u vaziyatni yumshatishga urindi. Unga ko’ra, davlat rahbari shunchaki omma oldida o’qiladigan nutqga to’g’irlash kiritish yoki kerakli so’zlarni topish uchun dugonasidan yordam so’rab murojaat qilgan. Bugungi kunda jamoatchilik Pak Kin Xening zudlik bilan iste`foga chiqishini talab qilmoqda. Tahlilchilar yaqin kunlarda prezidentning muddatidan ilgari iste`foga chiqishi va shoshilinch saylovlar o’tkazilishini taxmin qilishmoqda.

manba: Kun.uz

ULASHISH