Bola g`ingshiyveradi, ona esa undan berkinish uchun joy qidiradi. Kechagina entikib qo`lingizga olgan farzandingiz bugun har bir harakati bilan asabingizga tegadi. Shunday paytlarda unga bir tarsaki tortasiz-u, birozdan so`ng qilgan ishingizdan pushaymon bo`lib, bolangizga qo`shilib o`zingiz ham yig`lashga tushasiz. Bu tuyg`ularni his qilmagan onaning o`zi bo`lmasa kerak. Ammo bir qancha vaqt o`tgach, bu hodisa yana takrorlanadi… va yana o`sha pushaymonlik hissi… Gap nimada o`zi?

Nima uchun asabiylashamiz?
Bunday vaziyatda onalar bir iborani ko`p ishlatishadi: «asabimga o`ynama bola!» Onaning «asabi o`ynashi»ga esa sabab ko`p: bola o`yinchoqlarini yig`ishtirmadi, ovqat emadi, uxlamadi, dars tayyorlamadi va hokazo… Ammo har doim ham ayb boladami? Balki biz kattalardadir hamma ayb? Keling, asabiylikka nimalar sabab bo`lishi mumkinligini ko`rib chiqamiz.

Charchoq
Bu holat asosan bolasi hali bir yoshga to`lmagan onalarga xos. Ayniqsa, yosh onaga yordam beruvchi bo`lmasa, u charchoqdan o`ta asabiy bo`lib qoladi. Va aksar hollarda alamini boladan oladi.

To`rt devor ichida…
— Kun davomida o`g`lim bilan birgaman, ammo ba`zan undan shu qadar charchaymanki… Biror joyga chiqishga ham o`zimni ko`ndira olmayman, o`zimni bolasini tashlab ketgan onadek his qilaman…

Nigora, Sirg`ali tumani
Ayol ona bo`lgach, o`zining barcha qiziqishlarini bir chetga surib, vaqtini to`laligicha bola parvarishiga bag`ishlaydi. Dastlabki oylarda bu tabiiy instinkt ta`sirida sodir bo`ladi. Ammo bola ko`krakdan ajralib, o`zi yurishni o`rgana boshlagan davrda uning onaga bo`lgan ehtiyoji kamayadi. Mana shu paytda ona ham o`z qiziqishlarini sog`inganini va boshqalar bilan munosabatlar tanqisligini his qila boshlaydi. Faqat aksar hollarda bolasini bobo-buvilarga tashlab, biror joyga borib, ko`ngil ochishni bolasiga xiyonatdek qabul qiladi. Hayotiga o`zgartirish kirita olmagani, tanqislikni to`ldira olmagani sababli o`zi sezmagan holda asabiylashib, alamini yana farzandidan oladi.

Jahlni hadeb ichga yutaverish oxir-oqibat «portlash»ga olib keladi. Ona farzandiga hamma narsani muloyimlik bilan tushuntiradi, asabiylashayotganini bildirmaydi. Ammo ba`zan bola ham onasining jahlini chiqarganini his qilishi tarbiyaviy ahamiyat kasb etadi. Bundan tashqari, jahlni faqat kimgadir baqirib emas, musiqa tinglab yoki sport bilan shug`ullanib ham tushirish mumkin.

Boladan ko`p narsa kutish…
— Bir tanishim bolasiga nuqul baqiradi. Chunki 5 yashar o`g`li tayyorlov kurslarida berilgan darslarni mustaqil ravishda tayyorlay olmas ekan.

Malika, Mirobod tumani
Bunda ayb boladami? Yo`q, onaning farzandidan ko`p narsa kutganida. 5 yashar bola mustaqil ravishda dars tayyorlay olmaydi. Chunki unda hali o`z-o`zini nazorat qilish tizimi shakllanmagan. Farzandingizning imkoniyatlarini to`g`ri baholang.

O`zingizga ishonchingiz bo`lmasa…
— Qizimdagi o`zgarishlarga qarab, o`zimning yaxshi onaligimga shubha qilaman, ba`zan o`tirib yig`layman ham.

Hamida, Hamza tumani
Aro yo`lda qolish hissi sizga ojizligingizni his qildiradi, va ona asabiylasha boshlaydi. «Men yaxshi ona emasman» degan ichki hissiyot tashqariga «U yaxshi bola emas» shaklida chiqadi. Toki ona o`zini o`zgartirmas ekan, bolaning axloqi ham o`zgarmaydi. O`zingizni ayblashdan to`xtang va farzandingiz bilan til topishish yo`lini qidiring.

Shaxsiy muammolar
Oilaviy muammolar, o`zingizga ishonchingiz pastligi bola tug`ilishi bilan hech qayoqqa g`oyib bo`lmaydi. Yashirilgan gina-kudrat, echimi topilmagan muammolar ta`sirida esa inson asabiylashadi va aksar hollarda bundan uning yaqinlari zarar ko`radi. Ba`zi hollarda ayol eri yoki boshqa yaqinlariga jahl qiladi-yu, ularga gapira olmagani bois alamini bolasidan oladi.

 «Nimani o`zgartiray?..»
•  Eng avvalo asabiylashayotganingiz sababini aniqlang.
•  O`zingizga hech bo`lmaganda yarim soat vaqt ajrating. Bu vaqtni qiziqqan mashg`ulotingiz yoki dam olish bilan o`tkazing. Eng avvalo bunday qilish uchun o`zingizga ruhan ruxsat bering.
•  Charchaganda, nimadandir asabiylashganda, bola bilan tarbiyaviy ishlar olib bormang.
•  Bolaning biror bir harakatidan jahlingiz chiqsa, avvalo 10 gacha sanang va chuqur nafas oling. Bu jahlingizni biroz nazorat ostiga olishingizga yordam beradi.
•  Boladan jahlingiz chiqqanda o`zingizni ayblamang, vaziyatdan chiqish yo`lini qidiring. O`zingizni ayblash esa sizni harakatdan to`xtatib, umidsizlikka tushirib qo`yadi.
•  Jahlingizni bolaga zarar keltirmaydigan ravishda ko`rsatishni o`rganing. Masalan, undan xafa ekanligingizni ko`rsating yoki burchakka turg`azing yoki uni shirinlikdan mahrum qiling.
•  Asosan qaysi paytlarda boladan jahlingiz chiqadi? Buni nazorat ostiga olsangiz, jahlingiz sababi atrofdagilarmi yoki farzandingizning harakatlaridami — bilib olasiz va shunga ko`ra chora ko`rasiz.

Odatda samolyotlarda styuardessa xavfli vaziyatlar borasida ko`rsatma berar ekan, shunday deydi: «Agar farzandingiz bilan sayohatga chiqqan bo`lsangiz, xavfli holatda avvalo o`zingizga kislorod niqobini taqing va so`ngra bolani kislorod niqobi bilan ta`minlang». Bir qarashda bu xudbinlik bo`lib ko`rinadi, ammo aslida esa to`g`ri. Chunki o`zi haqida qayg`ura olgan ona farzandini ham to`g`ri parvarish qiladi.

manba: Darakchi.uz

ULASHISH