Ko‘pchilik insonlar tushlarida ishga kech qolganlari, hisobotni vaqtida topshira olmaganlarini ko‘rishadi. Amerikalik olimlar ish haqidagi tushlardan qanday halos bo‘lish yo‘lini topishdi. Bu haqda vm.ru xabar berdi.

Chikago universiteti mutaxassislari fikricha ish haqida doimiy o‘ylash va tush ko‘rish odamning ruhiy zo‘riqqanligidan darak beradi.

Odamlar tushlarida ish jarayonini u haqda o‘ylab uxlaganliklari sababli ko‘radilar. Ko‘pincha bunday tushlar to‘g‘ridan-to‘g‘ri inson qo‘rquvlari bilan bog‘liq bo‘lgani uchun salbiy bo‘yoqqa bo‘yalgan bo‘ladi. Shuning uchun ong uyqu holatiga butunlay o‘tmay, xuddi kompyuter kabi bir “rejim“dan ikkinchisiga o‘tadi. Insonni kun davomida tashvishga solgan barcha muammolar yana birinchi o‘ringa chiqadi.

Amerikalik olimlar bu tushlardan qutulish juda oson degan xulosaga kelishdi. Buning uchun shunchaki, biroz vaqtga ish haqida o‘ylamaslik lozim. Masalan, inson bo‘sh vaqtida iliq vanna qabul qilishi, musiqa tinglashi, sayrga chiqishi mumkin. Bunday relaksatsiya dam olish va ish haqida o‘ylamaslikka imkon beradi. Shuningdek bu usullar ish unumdorligini oshirishga yordam beradi.

ULASHISH