Pasport uchun suratga tushish — ko‘pchilik ayollar uchun dahshatning o‘zginasi. 3×4 santimetrli suratga tushishda qulay nuqtani egallay olmaysiz, PhotoShop ham ish bermaydi. Shunga qaramasdan, hujjatlar uchun muvaffaqiyatli suratga tushish shart-sharoitlarini yaratish unchalik qiyin ish emas.

Birinchi qadam

Yuzning sog‘lom rangi — muvaffaqiyatli surat garovidir. Suratga tushishdan bir kun avval yuzni piling qilib, niqoblardan foydalanish va to‘yib uxlashni tavsiya etamiz. Suratxonaga borishdan oldin esa pardozosti vositasi yordamida har qanday qizarish, qora doiralar va boshqa nuqsonlarni bekitish kerak bo‘ladi.

Ikkinchi qadam

Surat yuzning o‘ziga xosligini “yuvib ketmasligi” uchun yuz relyefini yaratish kerak. Tabiiy och jigarrangli ten yoki yog‘upa yordamida burun, peshona va iyak, shuningdek, yonoqlar sohasini yengil ajratamiz. Asosiysi — me’yorni bilish. Natija sizga ma’qul kelgandan so‘ng, yengil upa suring. U makiyajning saqlanib turishini ta’minlab, yog‘li yaltirashning oldini oladi.

Uchinchi qadam

Ko‘zlarga urg‘u beramiz. Pasport uchun tushilgan suratda barchasi oddiy va did bilan bo‘lishi lozim. Eng yaxshi variant — ko‘zning tashqi burchagiga tortilgan chiziq (klassik strelka) va kipriklarni uzaytiruvchi tush.

To‘rtinchi qadam

Lablarni ajratib ko‘rsatamiz. Bunda yorqin ranglar, lab bo‘yog‘i hamda qalamning keskin farq qilishidan voz kechishni tavsiya etamiz. Tabiiy, ko‘zga tashlanmaydigan rangdagi lab bo‘yog‘i ideal variant bo‘la oladi. Qalam rangi lab bo‘yog‘i rangiga uyg‘un bo‘lishi va lablarning tabiiy shaklini hosil qilishi lozim.

Beshinchi qadam

Suratga tushish vaqtida sochlar toza, yarqiroq va parvarish qilingan bo‘lishi lozim. Murakkab soch turmaklarini tanlashni tavsiya etmaymiz. Barchasini o‘z holicha qoldirgan ma’qul, zero tabiiylik hech qachon urfdan qolmaydi.

Shuningdek, suratga tushishdan avval oyna oldida mashq qilish kerak: tabassum ham bir san’at. Tajriba qilib ko‘ring. Yuzingizdagi qay bir ifoda o‘zingizga ma’qul kelishini aniqlab, uni yodda saqlang va suratga tushishda shu ifodadan foydalaning.

manba: Daryo.uz

ULASHISH