Avtomobilimiz oynasi to’liq interaktiv bo’lib qolsa, qanday soz bo’lardi. Misol uchun, siz yo’lovchi tomondagi oynani ko’zingizga quyosh nuri tushmasligi uchun biroz qorong’ilashtirgingiz keldi-yu, siz oyna ustida barmog’ingizni tepadan pastga surib bunga erishdingiz. Va oyna ko’z o’ngizda qorong’ilashdi.

Yaponiyaning Honda kompaniyasi avtomobillar uchun qorong’ilashuvchi sensor oynalar uchun patent oldi. Yaqin kelajakda bu ixtiro kompaniya avtomobillarida ishlatilishi mumkinligiga umid qilsa bo’ladi.

Aslida, bu g’oya unchalik yangimas. Ba`zi yirik avtomobil kompaniyalari o’zlarining avtomobillarida atrof-muhit yoritilganligi darajasiga mos ravishda avtomatik ravishda qorong’ilashadigan elektroxrom oynalarni qo’llashmoqda. Biroq hozirgacha hech kim bunday oynalarni odam barmog’i tegishiga ta`sirchan qilishni xayoliga keltirmagandi. Bu borada yapon kompaniyasi bir qadam olg’alab ketdi. Biroq hozircha bu texnologiya avtomobillarga qachon tatbiq qilinishi noma`lum.

Honda ixtirochilari tomonidan patentlashtirilgan oyna bir nechta, jumladan bitta sensor va bir nechta qorong’ilashtiruvchi qatlamdan iborat. Ular suyuq kristalli plyonkalar tarzida ishlangan. Siz barmog’ingizni oyna ustida tepadan pastga yurgazib, go’yoki oynani qorong’ilashtiruvchi virtual pardani tushirgandek bo’lasiz.

Barmog’ingizni chapdan o’ngga yurgazib esa tushirilgan pardaning qorong’ilashtirish darajasini boshqara olasiz. Agar siz ikki barmog’ingiz bilan oynaga tegib uni turli tomonlarga yurgazsangiz, virtual pardada atrof-muhitni tomosha qilish uchun o’ziga xos oynacha hosil qilishingiz mumkin. Ko’rib turganingizdek, barcha genial narsa juda oddiy.

manba: Kun.uz

ULASHISH