Hindiston poytaxti Nyu-Dehli atmosferasining ifloslanish darajasi oxirgi 17 yil mobaynidagi eng yuqori ko‘rsatkichni tashkil etdi. Bu haqda “TASS” xabar bermoqda.

Shaharda 4-noyabr, jumadan boshlab salkam 1800 maktab yopildi, oliy o‘quv yurtlarining ko‘plab talabalari mashg‘ulotlarga bormay qo‘ydi. Ofis xodimlari tibbiy ruxsatnomalarni qo‘lga kiritib, shaharni tark etmoqda. Xususan, astma, surunkali kasalliklardan aziyat chekayotganlar va keksalarga qiyin bo‘lmoqda. NDTV telekanaliga ko‘ra, maktablar kamida uch kun davomida berk bo‘ladi.

Poytaxt rasmiylari yuzaga kelgan vaziyatni 30-oktabrda nishonlangan Divali bayrami bilan bog‘lamoqda. Bayram kechasida Nyu-Dehli va uning atrofida o‘n minglab mushaklar otilgan, shahar tutun va qurum bilan qoplangan. Shuningdek, Xaryana va Panjob shtatlarida hosildan bo‘shagan maydonlarga o‘t qo‘yilishi poytaxt havosi ifloslanishi va smog hosil bo‘lishiga olib kelmoqda.

manba: Daryo.uz

ULASHISH