AQSh prezidentligiga nomzod Hillari Klinton Vashingtondagi jurnalistika muzeyida Amerikaning Bolalarni himoya qilish jamg‘armasi yig‘inida nutq so‘zladi, deb yozadi TJournal. Bu uning bir hafta avvalgi saylovlarda mag‘lub bo‘lganidan so‘ng omma oldiga birinchi marta chiqishidir.

Demokratning so‘zlariga ko‘ra, o‘tgan saylovlar ko‘pchilikni chuqur o‘yga tolib, qadriyatlarni qayta baholashga majbur qilgan. “O‘tgan hafta ichida ko‘pchilik o‘ziga-o‘zi Amerika haqiqatan ham biz tasavvur qilgandekmi yoki yo‘qmi, degan savolni berganini bilaman”, — dedi u.

Sobiq davlat kotibi unga yana telekameralar qarshisida paydo bo‘lish juda qiyin bo‘lganini tan oldi. Saylov yakunlari e’lon qilingach esa, u o‘zini shunchalik yomon his qilganki, boshqa hech qachon uydan chiqmayman, deb o‘ylagan.

Shunga qaramay, Klinton o‘z nutqini ijobiy kayfiyatda yakunladi va tinglovchilarni jamiyatda paydo bo‘lgan yaqqol parchalanishga qaramay, o‘z mamlakatiga ishonishga va hech qachon yengilmaslikka chaqirdi.

manba: Daryo.uz

ULASHISH