Hillari Klinton AQSh prezidentligiga saylovlarda mag‘lubiyatga uchrashida Federal qidiruv byurosi (FQB) rahbari Jeyms Komini aybladi. Bu haqda sobiq nomzodning saylov komissiyasi homiylari bilan telefon orqali muloqotiga tayanib, Washington Post ma’lum qildi, deya xabar beradi “TASS”.

“Mazkur saylovlar muvaffaqiyatli bo‘lmaganining ko‘plab omillari bor. Biroq tahlillarimiz Komining maktubi asossiz shubha-gumonlar uyg‘otgani va harakatimiz sur’atlari to‘xtab qolishiga olib kelganini ko‘rsatdi. Uning maktubi saylov kampaniyamiz o‘zining cho‘qqisiga chiqqanda chop etildi. Hamma narsa bizning foydamizga hal bo‘layotgandi”, — deya ta’kidlagan Klinton.

Sobiq nomzod telefon orqali muloqotda qattiq tushkunlikda ekanligini yashirib o‘tirmadi.

“Chuqur qayg‘udaman. O‘zimni bunday emasdek ko‘rsatish niyatim yo‘q. Barcha zo‘r berib mehnat qilgani uchun ham ushbu mag‘lubiyat biz uchun o‘ta og‘ir”, — deya tan olgan Hillari.

Eslatib o‘tamiz, FQB rahbari Jeyms Komi saylovlar arafasida Klintonning elektron yozishmalari bo‘yicha ish yangi tafsilotlar paydo bo‘lgani sababli qayta tiklanganini ma’lum qilgan va bu haqda Kongressga maktub yo‘llagandi.

manba: Daryo.uz

ULASHISH