Rio-de-Janeyroda o‘tkazilgan XXXI yozgi Olimpiya o‘yinlarida boks bo‘yicha eng yengil vazn toifasida g‘oliblik shohsupasiga ko‘tarilgan Hasanboy Do‘stmatovga hukumat tomonidan Malibu avtomobili sovg‘a qilinganidan xabaringiz bor. “Avto plyus” gazetasi chempionni aynan avtomobillar borasida suhbatga tutdi, deb yozadi “Carzone.uz”

— Kamtarona Matiz’im bor edi. Sport soyasida, mana, ulov desa degudek avtomobil egasi bo‘ldim. Sportchilar uchun barcha sharoitlarni muhayyo qilib, muvaffaqiyat qozonishimizni ta’minlagan hukumatimizdan behad minnatdorman, — deydi Hasanboy.

— Yo‘lda ko‘proq qanaqa qoidabuzarliklarga yo‘l qo‘yasiz?

– Ko‘pincha tezlikni oshirib yuboraman. Qiziqqonlikdan bo‘lsa kerak.

— Ayollarning mashina minishiga munosabatingiz?

— Bu masalada konservator emasman. Marhamat, xohlaganlar haydayversin. Bo‘lajak rafiqamning ham mashina boshqarishiga monelik qilmayman.

— Faraz qilaylik, muhim uchrashuvga shoshilayotgan chog‘ingizda yo‘lda mashinasi buzilgan haydovchiga duch keldingiz. Unga yordam berasizmi?

— Vaziyatga qarab ish tutaman. Ishim o‘ta muhim bo‘lgan taqdirda ham vaqt ajratib yordam berishga harakat qilaman. Sababi, bir kun kelib o‘zim ham xuddi shunday vaziyatga tushsam ajabmas. “Qaytar dunyo”, deyishadi-ku…

– Sizningcha, dunyodagi eng yaxshi mashina qaysi?

– Porsche. Sportchiga yarashadigan mashina-da. Ayniqsa, oq ranglisi.

– Yozda bir oy Rio-de Janeyroda bo‘ldingiz. Ayting-chi, Braziliyada transport masalasi qanday yo‘lga qo‘yilgan? Sizda qanday taassurot qoldirdi?

– Braziliyaning boshqa shaharlarini ko‘rmadik. Lekin Rioda, ulkan megapolis bo‘lishiga qaramay, bu borada biron jiddiy muammo ko‘rmadim. Bizni iliq kutib olishdi, maxsus avtobuslar ajratib berishdi. Ko‘chalarda bittayam yo‘l noziri yo‘q – hamma joyda kameralar. Shu jihati, ochig‘i, sal g‘alati tuyuldi. Ko‘z o‘rganmaganidanmi…

ULASHISH