«Kamolot» yoshlar ijtimoiy harakati armiyada xizmat qilib oliy ta`lim muassasalariga o’qishga to’lov-kontrakt asosida kirgan talabalarga to’lov mablag’ining 35 foizini to’lab yordam ko’rsatishda davom etadi. Tashkilot rasmiy vakilining «Kun.uz» saytiga ma`lum qilishicha, bunday yordam bekor qilingani haqidagi xabarlar asossiz hisoblanadi.

«Prezident chiqargan qarorni faqat prezident bekor qila oladi», deya ta`kidladi manba.

Uning ma`lumotiga ko’ra, ayni vaqtda bunday yordamdan respublikaning turli oliygohlarida 25 ming nafarga yaqin talaba foydalanib kelmoqda.

Bundan oldinroq «Kamolot» yoshlar ijtimoiy harakati respublika Qurolli kuchlari safida harbiy xizmatni o’tab, to’lov-kontrakt asosida oliy o’quv yurtlariga qabul qilingan fuqarolarga moddiy yordam ko’rsatish amaliyotini to’xtatishi haqida xabar berilgandi.

Qayd etish kerakki, bu xabar bugun tashkilot saytiga ham qo’yilgan, ammo tez orada olib tashlangan.

Talabalarga bunday yordam joriy etish bo’yicha qo’shma qaror 2006 yil 12 sentabrida O’zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Oliy va o’rta-maxsus ta`lim vazirligi tomonidan qabul qilingandi.

ULASHISH