• Gulning pastki barglari qurishi va to`kilishi yorug`lik yetishmasligi yoki havoning o`ta yuqori haroratliligi yoki yetarlicha sug`ormaslik oqibatida ro`y beradi.
  • G`unchasi yoki guli to`kilishiga havoning quruqligi, kam sug`orish, tuvak joyini tez-tez almashtirish, azot yetishmasligi va zararkundalar sabab bo`ladi.
  • Gullari tez so`lib qolsa, bu o`simlikning o`g`itga muhtojligi, quyosh nuri, xona havosida namlik yetishmayotgani, haddan ortiq issiq harorat belgisi.
  • Barglari uchining sarg`ayishi — kalsiy yetishmasligi, yetarlicha sug`ormaslik oqibati.
  • Yaproq va shoxlari chiriy boshlasa, bunga gullar uchun yomon shart-sharoit tufayli yuzaga kelgan kasallik, aksariyat hollarda tuprog`idagi yuqori namlik sabab.
  • O`simlik sekin o`syapti yoki umuman o`smayaptimi? Barcha o`simliklar uchun kuz va qish sokinlik davri hisoblanadi. Bu paytda ular deyarli o`smaydi yoki juda sekin o`sadi. Agar bu hol bahor va yozda ham davom etsa, bunga mineral moddalar, yorug`lik yetishmasligi va ko`p sug`orish sabab bo`ladi.
  • Gullamasligi sokinlik davrining buzilishi, mineral moddalarning haddan ortiq berilgani yoki ko`p marta tuvagini almashtirishga ham bog`liq.
  • Sopol tuvak yuzasida yashil qoplam paydo bo`lsa, bilingki, suvni ko`p quygansiz.
  • Barglarda quruq dog`lar bo`lsa, suvning kamligidan. Agar dog` tushgan barglar qurimasa, ko`p sug`orilganidan darak bo`ladi.
  • Barglar burishib qolsa, o`simlik haddan ortiq sovuqda qolib ketgan bo`ladi. Uning joyini o`zgartirgan ma`qul.

manba: Darakchi.uz

ULASHISH