Moskvada shu yilning fevralida 4 yoshli qizchani o’ldirgani uchun qo’lga olingan o’zbekistonlik Gulchehra Boboqulovaning qonuniy vakili, yurist Aleksandr Goverdovskiyning ma`lum qilishicha, sudlanuvchi o’zini O’zbekistonga majburiy davolashga yuborishni so’ragan.

«Ammo men buning amalga oshishiga ishonmayman. Qonunchilik amaliyotiga ko’ra, Rossiyada jinoyat amalga oshirgan shaxslar shu yerda jazoni o’taydi. Agar sud prokuratura talabiga rozi bo’lsa, Boboqulovaga ma`lum muddatga majburiy davolash belgilanadi. Birozdan keyin esa huquqni saqlash organlari davolashni davom ettirish yoki uni to’xtatish talabini qo’yadi”, deya Goverdovskiyning so’zlarini keltirgan manba.

Goverdovskiyning qayd etishicha, sud materiallarida Boboqulovaning biror terrorchilik guruhi faoliyatida ishtirok etgani haqida ma`lumot yo’q.

Boboqulova ishi bo’yicha keyingi sud eshittiruvi 1 noyabrga tayinlangan.

24 oktabr kuni Moskva sudi 4 yoshli bolani o’ldirganlikda ayblanayotgan Gulchehra Boboqulovaning ishini ko’rib chiqa boshladi. Sudlanuvchi o’z aybiga to’liq iqror bo’ldi va jinoyatni qanday amalga oshirganligini aytib berdi.

Eslatib o’tamiz, 29 fevral kuni Moskva shimoli-g’arbidagi yong’in yuz bergan xonadonda boshsiz qizning tanasi topildi. Oradan bir necha soat o’tib «Oktyabrskoye pole» metro bekatida shu qizning enagasi, o’zbekistonlik 42 yoshli Gulchehra Boboqulova hibsga olindi. Uning qo’lida qizchaning boshi bo’lgan.

Guvohlarning so’zlariga ko’ra, o’zini portlatib yuborish bilan tahdid qilgan ayolga qariyb 40 daqiqa davomida hech kim yaqinlashmagan.

Ayblanuvchiga kompleks statsionar narkologiya-psixiatriya ekspertizasi tayinlandi.

manba: Kun.uz

ULASHISH