Gollivudning shon-shuhrat xiyobonida qurilish xizmati kiyimida bo‘lgan erkak AQSh prezidentligiga nomzod Donald Tramp sharafiga qo‘yilgan yulduzni shikastladi. U buning uchun bolg‘a va ketmonga o‘xshash asbobdan foydalangan, deya xabar beradi Tjournal.

Hodisa 26-oktabr, chorshanba kuni ertalab ro‘y berdi. Deadline nashriga ko‘ra, Jeymi Otis xiyobondagi Tramp nomi tushirilgan yulduzni chiqarib olib, auksionda sotmoqchi bo‘lgan. Tushgan mablag‘ni esa milliarderni turli yillarda tegajoqlikda ayblagan 11 nafar ayolga topshirishni rejalashtirgan.

O‘tkinchilardan hech biri Otisni to‘xtatishga harakat qilmadi. U yulduzga jiddiy shikast yetkazib, Los-Anjeles politsiyasi kelguncha yashirinishga ulgurdi.

Gollivud xiyobonidagi yulduzga Tramp 2007-yili, AQSh televideniyesi orqali The Apprentice realiti-shousi namoyish etilayotganda munosib ko‘rilgandi. Shu tariqa uning qurilish va qimor biznesida erishgan yutuqlari e’tirof etilgan.

manba: Daryo.uz

ULASHISH