Reuters agentligining qo‘liga General Motors konserni va AQSh yo‘l-harakati xavfsizligi Milliy idorasi (NHTSA) o‘rtasidagi yozishma tushib qoldi. Unda Super Cruise tizimining falokat holatlarida ishlash xususiyatlari haqida so‘z boradi. GM Super Cruise tizimini iste’molchilarga shu yilning oxiriga qadar taklif qilishni rejalashtirgan edi. Biroq avtopilot holatidagi Tesla Model S avtomobili bilan odam o‘limiga sabab bo‘lgan avtohalokat sodir bo‘lgach NHTSA avtomobil ishlab chiqaruvchilardan haydovchiga yordam beradigan tizimlarni rivojlantirishni va haydovchi harakatni o‘z boshqara olmay qoladigan vaqtda tizimlar harakat algoritmini to‘liq ishlab chiqishni so‘radi, — deb yozadi zr.ru.

Yozishmadan Super Cruise haydovchiga uzoq vaqtga rulni qo‘yib yuborishga imkon berishi, lekin u yo‘lni kuzatishga va kerak bo‘lganda boshqaruvni o‘z qo‘liga olishga tayyor turishi kerakligi ayon bo‘ldi. Qiyin chorraha va holatlarda tizim yo‘ldagi ahvolni to‘g‘ri baholamay qolsa, u haydovchidan boshqaruvga qo‘shilishni so‘rab turli darajadagi signallar beradi. Agar haydovchi hech qanday “tiriklik alomatlarini” ko‘rsatmasa, Super Cruise avtomat tarzda mashinani sekinlashtirib chetga oladi va «favqulodda holat» rejimiga o‘tadi.

Barchasi rejadagidek ketib, NHTSA General Motorsga ruxsat bersa, kompaniya keyingi yildan boshlab o‘z avtomobillarini Super Cruise tizimi bilan jihozlay boshlaydi. Birinchi bo‘lib bu tizimga Cadillac — CT6 sedani ega bo‘ladi. Tizimning AQShdan tashqarida joriy etilish yoki etilmasligi hali ma’lum emas.

ULASHISH