Avstraliyalik iqlimshunoslar hozirda anomal hisoblanayotgan yozgi issiq havo 2025 yilga kelib normal bo’lib qolishini aytmoqdalar. Bu haqda EurekAlert! ma`lum qilmoqda.

Kanberradagi milliy universitet xodimi Sofiya Lyuisning fikricha, yangi iqlim rejimi o’rnatilishi muqarrardir. Agar insoniyat issiqxona gazlarini atrof-muhitga chiqarishni batamom to’xtatsa ham, bunday rejim o’rnatilishini 2035-2040 yilgacha qoldirish mumkin, xolos.

«Shu tariqa, havo harorati 50 gradusgacha yetgan, asoratlari odamlar salomatligi uchun o’ta salbiy ta`sir ko’rsatgan, tog’larda oktabrda yong’inlar avj olgan Avstraliyadagi 2013 yildagi rekord issiq yoz 2035 yildagi odatiy Avstraliya yozining prototipi hisoblanadi», deb aytmoqda Lyuis.

Tadqiqot mualliflarining ta`kidlashlaricha, ularni iqlim o’zgarishlarining tezligi emas, balki hozirgi ob-havo anomaliyalari normal va uning oqibatlari sezilarli bo’ladigan muddat qiziqtirgan. Bunday vaziyatda birinchilardan bo’lib Avstraliya va Arktika hududlari jabr ko’radi, Yerning boshqa hududlarida harorat butun asr davomida oshib boradi. Olimlarning fikricha, 2100 yilda sayyoramizdagi quruqlikning 98 foizdan ko’prog’i iqlim o’zgarishlariga uchraydi.

Oktyabr oxirida olimlar global isish sababli yaqin orada Yevropa janubidagi kurort hududlar yo’q bo’lib ketishini bashorat qilgandilar. Olimlarning aytishicha, shu kabi jarayonlar AQSh janubi-g’arbida ham yuz bermoqda.

manba: Kun.uz

ULASHISH