Kuz faslida har qachongidan ham ko‘proq garderobingizni yangilashni istaysiz. O‘z obrazingizga yangilik kiritib, qandaydir kiyimlar uyg‘unligini topishga harakat qilasiz. Ko‘pchilik buning uchun muayyan xarajatlar zarur deb hisoblaydi. Bu bir tomondan to‘g‘ri, yangi kiyimlar arzon turmaydi. Boshqa tomondan, xarajatlarsiz ham ko‘rinishingizga yangilik kirita olasiz.

Biroq buning uchun vaqt va mehnat talab qilinadi. Endi esa garderobni yangilashning barcha variantlarini ko‘rib chiqamiz.

Birinchi navbatda garderobingizni ko‘zdan kechirib, tartibga keltiring. Shkaf to‘la, lekin kiyishga hech narsa bo‘lmagan vaziyat ko‘pchiligimizga tanish.

Hech qachon kiymaydigan kiyimlardan (juda ko‘p kiyilib eskirgan, teshilgan va eski uslubdagi) xalos bo‘ling. Bu shkafni ozod qilish operatsiyasidir, axir biror keraksiz narsadan joyni bo‘shatib, u yerda kerakli narsa uchun joy ochishimiz barchaga ma’lum. Qolaversa, butunlay yodingizdan ko‘tarilgan, biroq hali yangi liboslarni ham topib olishingiz mumkin.

Ikkinchi o‘rinda, qolgan kiyimlarni yuvib, tozalab, tartibga keltiring. Ba’zan opa-singillarimiz biror sevimli koftasini unga singib qolgan dog‘ tufayli kiya olmaydi. Biroz mehnat evaziga uni yana kiyish imkoniga ega bo‘lasiz.

Qolgan kiyimlardan tayyor komplektlarni tayyorlab qo‘ying. Shim va unga mos bluzka, yubka va koftalarni tanlang, hamda ularni mavjud oyoq kiyim va aksessuarlar bilan to‘ldiring. Agar bu bosqichda muammolar yuzaga kelsa, moda haqidagi jurnallarni ko‘zdan kechiring (ularni onlayn kuzatish ham mumkin), feshn-blogerlarning obrazlarini ko‘rib chiqing. Ulardan ilhomlanishingiz aniq.

Bundan keyin ham “kiyishga hech narsa yo‘q” muammosiga duch kelmaslik uchun asta-sekinlik bilan kiyinishga asos bo‘luvchi garderobingizni shakllantiring. Bunda maftunkor ko‘rinishga ega bo‘lish uchun qanday liboslarning kerak bo‘lishi haqida avvalroq berilgan maqola sizga qo‘l keladi deb umid qilamiz.

Urinib ko‘ring!

manba: Daryo.uz

ULASHISH