Donald Trampning kuyovi — 35 yoshli Jared Kushner Respublikachilar partiyasi nomzodining AQShdagi prezidentlik saylovida g‘alaba qozonishida ulkan, hatto hal qiluvchi rol o‘ynadi. “Qanday qilib Jared Tramp uchun Oq Uyni ishg‘ol qildi” sarlavhasi ostida material chop etgan Forbes jurnali shunday xulosaga keldi, deb xabar beradi “TASS”.

Material Kushnerning qaynotasi saylovoldi kampaniyasi haqidagi intervyusi, shuningdek, uning atrofidagi kishilar, jumladan, turmush o‘rtog‘i va saylangan prezidentning qizi Ivanka Tramp, AQSh sobiq davlat kotibi Genri Kissinjer, biznes-magnatlar Erik Shmidt (Alphabet va Google), Piter Til (PayPal), Rupert Myordok (News Corp) bilan suhbatlarga asoslangan.

Myordokning bildirishicha, “yaqin to‘rt-sakkiz yil ichida Kushner Oq Uyda katta ta’sirga, balki hatto vitse-prezidentdan keyingi nufuzga ega bo‘ladi”.

“Jared ijtimoiy tarmoqlar dunyosini an’anaviy OAVdan ko‘ra yaxshiroq tushunardi. U prezidentlik kampaniyasini minimal darajadagi xarajatlar va zamonaviy texnologiyalar evaziga tashkil etish hamda g‘alaba qozonishning uddasidan chiqdi. Bu katta ish. Eslaysizmi, hamma ularning mablag‘i, odamlari, tizimi yo‘q deb ayyuhannos solgandi? Biroq ular yutdi va bu muvaffaqiyatga Jared yetakladi”, — ta’kidladi Erik Shmidt.

Forbes’ga ko‘ra, Trampning shakllantirilayotgan ma’muriyati prezidentning kuyovi Oq Uyda rasmiy lavozimni egallashi uchun mavjud qonunlardan yo‘l qidirmoqda. Bunga Jon Kennedi ukasi Robertni adliya vaziri etib tayinlaganidan so‘ng qarindosh-urug‘chilikka qarshi kurash uchun o‘rnatilgan huquqiy cheklovlar xalaqit beradi. Lekin, nima bo‘lganda ham, jurnal izoh berganidek, “hech qanday qonun prezidentga o‘zi istagan odam bilan maslahatlashishga xalaqit bermaydi”.

manba: Daryo.uz

ULASHISH