Finlyandiyaning ta’lim tizimi dunyodagi eng yaxshilaridan biri hisoblanadi. Ta’limni baholash bo‘yicha reytinglarda ushbu mamlakat eng nufuzlilar o‘nligiga kiradi, deb yozadi AdMe. Ammo mahalliy hukumat erishilgan yutuqlardan mag‘rurlanishga intilmaydi va maktab tizimida haqiqiy inqilobni yuzaga keltirishga qaror qildi.

Amaldorlar maktab fanlarini bekor qilmoqchi: endi fizika, matematika, adabiyot, tarix va geografiya fanlari bo‘lmaydi.

Xelsinki ta’lim departamenti rahbari o‘zgarishlarni quyidagicha izohlaydi: “Shunday maktablar borki, u yerda 1900-yillar boshlarida maqbul hisoblangan narsalarni eskicha uslubda o‘qitishadi. Biroq hozir ehtiyojlar o‘zgardi, biz esa XXI asr uchun yaroqli bo‘lgan narsani yaratishimiz kerak”.

Alohida fanlar o‘rniga maktab o‘quvchilari hodisa va voqealarni fanlararo formatda o‘rganadi. Masalan, Ikkinchi jahon urushi tarix, geografiya va matematika nuqtai nazaridan ko‘rib chiqiladi. “Qahvaxonada ishlash” kursini o‘rganishda esa o‘quvchilar ingliz tili, iqtisodiyot va muomala malakalari haqida bilimlarga ega bo‘ladi.

Bunday tizim 16 yoshdan oshgan yuqori sinf o‘quvchilari uchun joriy etiladi. Ular doskaga chaqirilishini kutib, tashvish bilan o‘tirish o‘rniga kichik guruhlarda birgalikda ishlaydi va muammolarni muhokama qiladi.

Tizimni 2020-yilgacha to‘liq yangilash rejalashtirilmoqda.

manba: Daryo.uz

ULASHISH