Futbol bo‘yicha JCh–2018 turniriga saralashning uchinchi bosqichida O‘zbekiston milliy terma jamoasi bilan bir guruhdan o‘rin olgan Eron hamda Qatar terma jamoalari a’zolari FIFA Tartib-intizom qo‘mitasi tomonidan jazolandi. Bu haqda O‘zbekiston futbol federatsiyasi matbuot xizmati xabar bermoqda.

Saralashning uchinchi bosqichi 1-turida Tehronda bo‘lib o‘tgan Eron – Qatar (2:0) o‘yini davomida yuzaga kelgan janjal sabab Qatar terma jamoasi a’zolari – Mash’al Abdulloh, Ahmad Yosir va Xolid Muftani ikkitadan o‘yinga, Abdulkarim Hassan esa uch o‘yinga chetlatildi.

Avvalroq Eron terma jamoasi a’zolari Sardor Azmun va Ehson Hojisafi bittadan o‘yinga chetlatilgani haqida xabar berilgandi. Shuningdek, ushbu futbolchilarga 5 ming dollar miqdorida jarima solindi.

Bundan tashqari, saralashning uchinchi bosqichi 4-turida Eron – Janubiy Koreya (1:0) uchrashuvi oldidan stadionda va tanaffus vaqtida diniy marosim o‘tkazilgani hamda muxlislar tomonidan diniy bannerlar ko‘tarilgani sabab Eron futbol federatsiyasi 45 ming dollar miqdorida jarimaga tortildi.

ULASHISH