Boshlovchi Farhod Alimov internetda uning xonanda Rayhonga uylanishi haqida paydo bo‘lgan turli gap-so‘zlarga munosabat bildirdi. Bu haqda “Qalampir.uz” xabar bermoqda.

“Mening Rayhon G‘aniyeva bilan nikohim haqida internet saytlarida chop etilgan maqolalarni o‘qib, ochig‘i, muxlislarning aytgan fikrlaridan ranjidim. Men ushbu gaplarga oydinlik kiritmoqchiman”, — deydi Farhod Alimov.

“Birinchidan, farzandlarimni hech qachon tashlab qo‘ymayman. Ular so‘nggi nafasimga qadar mening qaramog‘imda bo‘lishadi. Garchi ularning onasi bilan ajrashishga qaror qilgan bo‘lsak-da, farzandlarimga bor mehrimni bera olaman”, — dedi boshlovchi.

“Ikkinchidan, sobiq rafiqam bilan ajrashishimga Rayhonning mutlaqo aloqasi yo‘q. Sobiq rafiqam bilan rasman 2016-yilning may oyida ajrashganmiz. Rayhon bilan aloqalarimiz, 2016-yil kuz faslining ilk oylarida boshlangan”, — deydi Farhod Alimov.

“To‘g‘ri, biz bir-birimizni avval ham tanirdik. Ammo o‘rtamizda hech qanday munosabat, iliqlik yo‘q edi. Salom-alikdan nariga o‘tmaganmiz. Farzandlarimning onasi bilan esa do‘st bo‘lib qolganmiz”, — dedi boshlovchi.

“Men ayni vaqtda 40 yoshdaman, Rayhon esa 38 da. Biz oilamizdan ajrashganmiz va ayni vaqtda erkin insonlarmiz. Birovga tuhmat toshini otish va qoralashdan avval, muxlislardan vaziyatga to‘g‘ri baho berishlarini so‘ragan bo‘lardim”, — dedi Alimov.

“Farhod Alimovning Rayhon G‘aniyeva bilan munosabatlari ‘Izlama’ klipini suratga olish jarayonida boshlangan, boshlovchi oilasidan Rayhon tufayli ajrashgan, degan gap-so‘zlar noto‘g‘ri, bularning hammasi uydirma! Ijodkor bo‘lsak-da, siz kabi oddiy insonmiz, bizda ham yurak bor”, — deya qo‘shimcha qildi Farhod Alimov.

Oktabr oyi oxirida Rayhon ikkinchi marta oila qurishi mumkinligi haqida xabarlar tarqaldi. U 29-oktabr kuni chet elda bo‘lishi aytilgan to‘y marosimida taniqli boshlovchi Farhod Alimovga turmushga chiqishi aytildi. Biroq keyinroq to‘y sanasi va joyi haqidagi xabarlar Farhod Alimovning o‘zi tomonidan rad etildi.

Ma’lumot uchun, Yigitali va Rayhonning to‘yi 2012-yil noyabrida bo‘lib o‘tgan. 2014-yil may oyida ular egizak farzandli bo‘lgan. 2015-yil 9-yanvarida Rayhon ajrashish uchun ariza bergani, 2016-yil may oyida esa ularning nikohi rasman bekor bo‘lgani ma’lum bo‘ldi.

ULASHISH