Faol hayot tarzi aqliy salohiyatga ijobiy ta`sir ko’rsatib, nafaqat tana, balki miyani «jonlantiradi».

Translational Research Institute for Metabolism and Diabetes (Moddalar almashinuvi va diabet transmilliy tadqiqot instituti) tadqiqot instituti bir guruhi ko’ngillilarning mushak to’qima namunalarini to’playdi. Ma`lum bo’lishicha, son sohasidagi mushak to’qimasining bir bo’lagi insonning jismoniy holati haqida ko’p narsalarni «aytib berishi» mumkin ekan.

Metabolik faol mushaklar

Ilm-fan hozirda qancha mushak to’qimamiz borligi va uning qanday holatda ekanligini bilish imkonini beradi.

Metabolik faol mushaklar — tolalarning zararli yog’lardan xoli turi, uning tarkibida mitoxondriyalar mavjud. Ular bizdagi ortiqcha vazn, energiya darajasi va qandli diabet hamda yurak-qon tomir kasalliklariga chalinish xavfi qanchalik yuqori bo’lishiga ulkan ta`sir ko’rsatadi. Hatto saraton bilan kurashishda sog’ayish imkoni ham mushaklar salomatligiga bog’liq ekan.

Mushak tolalarining bu turi shu qadar muhimki, farmotsevtika kompaniyalari ularni sog’ holatda saqlashga yordam beruvchi dori vositalarini ishlab chiqarish bo’yicha poygani boshlab yuborishdi. Bu jismoniy yoshlikni uzaytiradi va organizmga kasalliklarni tezroq bartaraf qilishga yordam beradi.

Biz vaqtning o’tishi va buning jismoniy holatimizga qanday ta`sir o’tkazayotganini sezmay qolishimiz mumkin. Hozir odamlar ko’p vaqtini o’tirib o’tkazmoqda, harakatchanlik yo’qolmoqda, energiya darajasi asta-sekin pasaymoqda. Buning natijasida biz shifokor huzuriga shoshilamiz va uning tahlillarimizdan ko’ngli to’lmaganini ko’ramiz.

Har qanday vaziyatdan chiqishning yo’li bor. Masalan, hayot tarzini faollashtirish mumkin.

Mitoxondriyalar

Tadqiqotchilardan biri doktor Bret Gudpasterning aytishicha, mushaklarning kuchi va salomatligi hamda ulardagi mitoxondriyalar soni to’g’ridan-to’g’ri bizning qachalik faol harakatlanishimizga bog’liq ekan.

Aynan nima bilan shug’ullanishimizdan (piyoda sayr qilish yoki og’ir jismoniy mashqlarni bajarish) qat`i nazar, mushaklarimiz mikroskopik elektrostansiyalar ishlab chiqaruvchi energiyaga muhtoj bo’ladi.

Mushaklar ichidagi nosog’lom yog’

Asosiysi, chiroyli press yoki biror bir a`zoni mukammallashtirishda emas, mushaklarning ichida qancha nosog’lom yog’lar borligidadir. U zaharli bo’lishi va sog’lom to’qimalarning insulinga sezuvchanligini kamaytirishi mumkin. Bu ortiqcha vazn to’plash mexanizmini ishga tushiradi, ozishni murakkablashtiradi va ikkinchi turdagi qandli diabetga olib keladi.

Nosog’lom yog’li mushaklar zaiflikni keltirib chiqaradi va bizni kamharakat qiladi. Bularning barchasi tremorning paydo bo’lishi va mushak to’qimalarini vaqtidan ilgari  yo’qotishga olib kelish ehtimoli bor.

Biz qanchalik zaiflashsak, jismoniy mashqlarni bajarish  shunchalik qiyinlashadi, mashqlarning asorati ham og’riqliroq bo’ladi. Natijada tanlov ayon — sport klubi yoki sayrga chiqish emas, divanda yotish va televizor ko’rish.

Qarishni qanday sekinlashtirish mumkin?

Har qanday aerobik mashqlar yangi mitoxondriyalarni ishlab chiqaruvchi tizimni faollashtiradi. Organizm ko’proq energiya talab qilgani tufayli mitoxondriyalar genlarga diqqatni qaratadi. Qancha ko’p mashq qilsangiz, mushaklaringiz yog’larni shuncha samarali parchalay boshlaydi.

Bunga katta kuch sarflashning hojati yo’q. Tadqiqotlarga ko’ra, 3-7 kun davomida 45 daqiqadan tez qadamlar bilan sayr qilish yangi mitoxondriyalar ishlab chiqarilishiga olib keladi.

To’g’ri ovqatlanishsiz sog’lom hayot tarziga rioya qilib bo’lmaydi. Iste`mol qilayotgan har bir taomimizdagi  o’simlik va hayvon oqsili hamda D vitaminining qo’shimcha porsiyalari (agar uning organizmdagi darajasi me`yordan kam bo’lsa) jismoniy mashqlardan keyin mushaklarni qayta tiklashni tezlashtiradi.

Shunday ekan, sizning ham muayyan mashqlardan iborat grafikingiz bo’lsa, biologik yoshingiz pasportingizda ko’rsatilgan raqamlardan ancha kam bo’lishi muqarrar.

manba: Kun.uz

ULASHISH