Angliya futbol uyushmasi (FA) mamlakat terma jamoasi va “Manchester Yunayted” klubi hujumchisi Ueyn Runi bilan bog‘liq hodisa yuzasidan surishtiruv ishlarini olib boradi. Bu haqda, The Telegraph nashriga tayanib, “TASS” xabar bermoqda.

Runi Angliya termasining Ispaniyaga qarshi 2:2 hisobida yakunlangan o‘rtoqlik o‘yinida maydonga tushmadi. “Uch sherlar” bosh murabbiyi vazifasini bajaruvchi Garet Sautgeyt hujumchi tizza jarohati tufayli maydonga tusha olmaganini ta’kidlagandi. Biroq Buyuk Britaniya matbuoti Ueyn Runi ichkilikbozlikka berilgani uchun terma jamoa tarkibidan joy olmagani haqida xabar bergan.

Ta’kidlanishicha, angliyalik futbolchi terma jamoa joylashgan mehmonxonaning barida bo‘lib o‘tgan kechada ishtirok etgan. Uning  suratlari ijtimoiy tarmoqlarda tarqalib ketgach, 16-noyabr kuni 31 yoshli futbolchi rasman uzr so‘ragan.

Ueyn Runi o‘zidan tashqari kechada Angliya termasining yana 10 futbolchisi bo‘lganini ma’lum qildi. FA kechada assotsiatsiya o‘yinchilari yoki xodimlari bo‘lgan-bo‘lmaganini aniqlash uchun tergov o‘tkazadi.

Ma’lumot uchun, Ueyn Runi 2003-yildan buyon Angliya terma jamoasi safida to‘p surib kelmoqda. 119 uchrashuvda 53 ta gol kiritgan hujumchi, mamlakat termasi tarixidagi eng yaxshi to‘purar sanaladi.

manba: Daryo.uz

ULASHISH