Ayol zoti borki, juftining istaklari, prinsiplari uchun u yoki bu holatda o`zini chegaralab, o`z istaklarini qurbon qiladi. Aslida ayollik, rafiqalik baxti ham ana shunda. Biroq erkaklarimizning erka istaklari ba`zida quyushqondan chiqib, biz ayollarni o`ta siqib qo`ygan holatlarda nimalardir qilib vaziyatni yumshatgimiz keladi. Bu maqolada erlarning xotinlariga qo`ygan qat`iy chegaralaridan shartta oshib o`tishni emas, ulardan daricha ochish yo`llarini o`rgatamiz. Ana shunda six ham, kabob ham butun qoladi, erkak ham, ayol ham xotirjam yashaydi.

 

«Onangnikiga bormaysan!»

Yoshingiz ulg`ayib, bolalaringiz bo`yingizga etib qolganda ham ota-onangizni ko`rgani istalgan vaqtda borolmay, eringizdan ruxsat so`rolmay o`tirasizmi? Bu ayol uchun eri tomonidan beriladigan eng yomon taqiq. Ota-onamiz biz uchun g`animatligini tushunishi buncha qiyin ekan-a?!

Yondashuv: har safar ota uydan qaytganingizda eringizdan ota-onangizning ko`ngli to`qligi, biror sabab bo`lib maqtagani haqida yolg`ondan bo`lsa ham ayting. Maqtaladigan jihati bo`lmasa ham sabab topish mumkin. Masalan, «shu yigit bor ekan, guldek farzandlaring bor, deyishdi» kabi. Bundan tashqari, «endi hech qayoqqa ketib qolmayman, onamdan ham gap o`rganib kelmayman, axir o`zim ham qaynona bo`lay deb turibman», deb eringizning ko`nglini xotirjam qilib turing. Agar oilangizda qiz ulg`ayayotgan bo`lsa, o`z hayotingizni uning kelajagiga solishtirib ko`rsating. «Dadasi, qizingiz ham oyda bir marotaba sizni ko`rgani zo`rg`a kelib ketsa, chiday olarmidingiz? O`g`illar kelinniki, qizlar qayoqqa bormasin, o`zimizniki bo`ladi. Ko`z ochib-yumguncha biz ham qariymiz, har tarafga sochilgan bolalarimizni tez-tez ko`rgimiz keladi, qaytar dunyo, deyishadi…» deng.

«Ishlamaysan!»

Juda ko`pchilik erining ishlashga ruxsat bermasligidan norozi bo`ladi. Aslida turmush o`rtog`imiz bizni asrab-avaylash, yomon ko`zlardan, salbiy ta`sirlardan ehtiyotlash maqsadida «ishlamaysan» deb taqiq qo`ygan, deb o`zimizni yupatishimiz ham mumkin. Ammo bir kun ham o`zligini namoyon qilolmagan guldek kasbi, imtiyozli diplomi bo`lgan ayollar ishlaganida jamiyatga katta foydasi tegishi mumkinligini o`ylasak, ba`zan bu qarorga o`zgartirish kiritish kerakmikan, degan xulosaga boramiz.

Yondashuv: er-xotinni qo`sh ho`kizga qiyoslagan maqol nihoyatda oqilona ekanligini aytmasak ham bilasiz. Siz shundan foydalaning, «agar ikkimiz ham ishlaganimizda mana bu kamchiligimiz to`lib, mana bu muammoni hal etgan bo`larmidik. Mening ham sizga yordam bergim kelayapti. Bir o`zingiz qiynalib ketasiz, bolalar katta bo`layapti, muammolar ham kattalashadi. 4 ta uyni yig`ishtirib, bitta ovqat qilib o`tirganim uchun o`zimni tekintomoqdek his qilayapman. Hammasini eplay olishimga ko`zim etadi…» Faqat eringizning «ruxsat, ishlayver» degan gapidan keyin nima ish qilishingiz, qayoqqa borishingiz haqida o`ylab o`tirmaslik uchun avvaldan ish topib, hammasini pishitib olgan bo`ling.

«Bu kiyimni kiymaysan!»

Kiyim-kechak borasida erkakning injiqligiga 99 foiz holatlarda ko`nikishga majburmiz. Chunki er ayoliga yarashib turgan, uning erlik oriyatini qo`zg`amaydigan darajada bo`lgan kiyimga nisbatan e`tiroz bildirmasligi turgan gap. Shim yoki tor, kalta, ochiq liboslar kiyishingizni eringiz istamas ekan, u bilan doimiy ravishda «yo`q joydan muammo chiqarib», tinch uyingizni buzib, tortishib o`tirmang.

Yondashuv: lekin ba`zan aqlga sig`mas taqiqlar ham bo`ladiki, bu holatlarda ayol ham o`z mustaqil fikrini eriga bildirib qo`yishining ziyoni yo`q. Masalan, erkak ayoliga sariq rangli kiyim kiyishni taqiqlab qo`ygan, chunki unga bu rang yoqmaydi. Yoki yaltiroq tugmachalarga, oyoqrang kolgotkalarga hushi yo`q. Ayol esa aksi, aynan shunday kiyinishni istaydi. Yaxshisi, kelishish kerak: «sizning yoningizda bunday kiyinmayman, boshqa vaqtda ruxsat bering, axir shu rang, shu libos menga ko`proq yarashadi-da!»

«Sochingni kesmaysan!»

Aksariyat erkaklar ayolining sochini kesish masalasiga jiddiy qaraydilar. «Soch meniki bo`lsa, u kishiga nima farqi bor?» deymiz-u, ammo bu taqiq bilan hisoblashmaslikning iloji yo`q. Ayollar sochlarini beso`roq kestirib olgandan so`ng janjal boshlanmasligi uchun ro`mol ostiga berkitib yurganlariga ko`p guvoh bo`lamiz.

Yondashuv: soch kestirib, imidjingizni o`zgartirmoqchi ekansiz, keskin harakatlardan oldin hatto bunga qarshilik bildirmaydigan eringiz oldidan ham bir-ikki marta o`tib qo`ying. Sochni kesishga o`nlab sabab topish mumkin: «emizikli bo`lganimdan so`ng sochim duvillab to`kilib ketdi, engillatish kerak», «homilador bo`lganimda eplolmay qolaman, irim qilib, 1 yilga yaqin kesolmay yuraman, hozir kestirib olay», «sochim gullab, xiralashib qoldi, uchini ozgina qirqtiraman», «sizlarga mazza, yozda bizga o`xshab sochingiz ko`pligidan terlamaysiz, men ham kaltalatsammikin…», «shu aktrisada bo`lgan hamma narsa menda bor, faqat sochim unikiga o`xshab kesilmagan-da! Agar kestirganimda yosharib ketardim…»

«Kim uchun bo`yanyapsan?»

Hozirgi kunda erkaklar bu gapni lab bo`yoqni quyuq surtadigan, qovoqni to`q bo`yaydigan xotiniga nisbatan ishlatadi. Boshqa hollarda, ya`ni engilgina pardoz qiladigan ayollarga nisbatan taqiq qo`yiladigan holatlar kamdan-kam bo`ladi.

Yondashuv: o`ta rashkchi erlarning xotinlari pardozni birdaniga boshlab, birdaniga tashlab yubormasdan, erning ko`zini ko`niktirib borishlari kerak. Masalan, avvaliga faqat qora qalam, so`ng kiprikka tush surtib, bora-bora podvodka qo`yib yursalar, erlari tasavvurida tabiiy ko`rinishdagi ayoldek gavdalanadilar. Yorqin ranglar, soxta kipriklar bilan keskin tajriba o`tkazmaslik kerak. Aks holda erkak pardoz qilishni butunlay ma`n etib qo`yishi mumkin.

«To`yga bormaysan!»

«Xo`jayinim ruxsat bersalar, boraman»… Yosh kelinchaklar yoki bolalari hali yosh bo`lgan onalar qarindosh-urug`, do`st-dugonalarning to`y-hasham, tadbirlarini erlarining ruxsat bermagani uchun o`tkazib yuborishga majbur bo`lishadi.

Yondashuv: yangi turmush qurganlar yo rashkning kuchidan yoki onasining ichki noroziligidan xotiniga ruxsat bermasa, farzandlari yosh bo`lgan otalar bir o`zi bolalarni eplay olmasligi, to`g`rirog`i, buni istamagani uchun to`yga yuborishga rozi bo`lmaydi. Ikkala holatda ham bir amallab echim topish mumkin: ya`ni «2 soatgina borib kelaman», «to`yda o`ynamayman, so`zga chiqmayman, to`g`ri borib-to`g`ri qaytaman, pardozim, turmagimga sizdan pul so`ramayman», «o`zingiz olib ketsangiz, ko`nglim xotirjam bo`ladi», «bolalarni singlimga qoldiraman» kabi gaplar bilan eringizning taqiqini olib tashlash mumkin. Yodingizda bo`lsin, borgingiz kelayotgan to`y siz uchun ahamiyatli bo`lsa, avvaldan makr ishlatib,taklifnomaga eringizning ismini ham yozdiring. Shunda munosabat ham o`zgarib qolishi mumkin.

«Gap»ga qo`shilmaysan!»

Yoshimiz 30 dan oshganidan keyin bolalarimiz o`zini eplay boshlaydi, o`zimizni o`ylashga ham birmuncha vaqt topiladi. Shunday paytlarda kursdosh-sinfdoshlarimiz yoki bolaligimizdagi dugonalarimizni eslab, yo`qlab qolamiz. Ko`pchilik bunday uchrashuvlarni manfaatli ko`ngilochar tadbirga aylantirgan: ular gashtak tashkil qilib, lotoreya o`ynashadi.

Yondashuv: xotinining «gap»larga qo`shilishini istamagan erkakning o`nlab asosli sabablari bor. Ularning hech birini inkor etmagan holda xotinlar o`z dugonalari, hech bo`lmasa, qo`ni-qo`shni tengdoshlarining ushbu yig`ilishlari har tomonlama foydali ekanligini isbotlashi kerak. Birinchi «gap»ni tug`ilgan kun tarzida uyida o`tkazib, eriga quyidagilarni tushuntirish mumkin: dugonalari yaxshi ayollar ekani, lotoreyadan tushadigan pulga nimanidir jamg`arish mumkinligini, vaqti kelsa, shu ayollar to`y-ma`rakalarda bir tomonni ko`tarib yuborishini, bundan tashqari, bir oyda bir marotaba 3 soat vaqtini o`zi uchun bag`ishlashni orzu qilayotgani va hokazo…

«Qo`l telefoni tutmaysan!»

Bu taqiq ham yangi oila qurganlar orasida ko`p tortishuvlarga sabab bo`ladi. Yoshi 30-40 dan oshgan ayollar erining bu taxlit taqiqini eshitmaydi hisobi. Axir ularning erkaklari ayolidan ko`ngli to`q yuradi, rafiqalar ishonchga kirgan. Ochig`ini aytganda, ular telefon apparatidagi yashil va qizil tugmachadan boshqa funksiyalardan foydalanishga urinib ham ko`rmaydilar-da!

Yondashuv: telefon sizga chin ma`noda birlamchi ehtiyoj ekanligini eringiz his qilishi kerak. Soatlab keraksiz mavzularda onangiz yoki o`rtoqlaringiz bilan valaqlashib o`tirar ekansiz, eringiz sizning o`zgarib borayotgan xulqingiz, balandlashayotgan ovozingizga aynan shu telefon sababchi deb hisoblayveradi. Bundan tashqari, erli, bolali ayolning hech bir zaruratsiz ijtimoiy saytlarda begonalar bilan do`stlashishi, chatlarda eski do`stlari bilan suhbatlashishi hech qaysi aql va mezonga to`g`ri kelmaydi. Shunday ekan, qo`l telefoningiz orqali ko`proq eringiz bilan bog`lanishni, o`ziga aytolmagan gaplaringizni SMS orqali yo`llab turishni odatga aylantiring. Eringiz guvohligida hech kim bilan mobil aloqada uzoq gaplashmang. Chunki bu ham vaqtingizni, ham naqdingizni isrof qiladi, eringiz ham o`zini bu taqiqni haqli qo`yganiga amin bo`ladi.

«Pul bermayman!»

Aslida bermagani ham yaxshi. Chunki qo`lingizga pul berib qo`ygan erkak hamma ishni o`zingizga yuklab qo`yishi hech gap emas. Erning cho`ntagidan pulni beso`roq olish yoki hatto eng kerakli narsaga bo`lsa ham uning o`zidan so`ramay ishlatish erkakning ziqnaligini oshirib yuboradi. Uyda pul bo`lsa ham o`zi istagan narsaga ishlata olmaslik har bir ayolni jig`ibiyron qiladi.

Yondashuv: un, go`sht qolmagani uchun o`zi buyurib ketgan mantini qilolmay, o`rniga shirguruch pishirganingizni aytsangiz, eringiz «nega uydagi puldan ola qolmading», deydi. «O`zingiz ruxsat bermagansiz-ku, qo`ng`iroq qilsam ko`tarmadingiz», deb ko`ring. Kelasi safar haqiqatan ham oilangizga kerakli narsaga pulni sarflay olishingizni isbotlaysiz. Xarid uchun bozorga borganingizda eringizga atab hech bo`lmasa bittagina paypoq olib kelsangiz ham uning pulni isrof qilishingiz borasidagi ma`ruzalari soni qisqaradi. Lekin zinhor kartoshka, piyoz ko`tarib keladigan ayolga aylanib olmang. O`zi topgan pulga marhamat qilib eringizning o`zi ro`zg`or qilib bersin!

«Mening tinchimni buzma!»

Erkaklarda ajoyib tushuncha bor: uy, bu — hordiq maskani. Ayollarda esa bu tushunchaning mutlaqo aksi: uy, bu — doimiy kurashiladigan, dam olish kunini bilmaydigan ishxona. Aynan shu tushunchaning ikki qutbliligi erkak va ayolning uy-joy yuritish borasida tortishishi, bir-biriga taqiq qo`yishiga sabab bo`ladi. «Uyga kelganimda tinchimni buzma», deydi erlar xotiniga. Xotinlar esa kun bo`yi uydagi muammolarni erim hal qilib berar deb, uning ishdan kelishini intiqib kutadi…

Yondashuv: «Yana oshxonadagi issiq suvning jo`mragi buzilib, orqaga aylanib ketayapti, tuzating yoki tuzatadigan odam olib keling», degan gap ta`sir qilmadimi, boshqacha yo`ldan foydalaning. «Issiq suvdan qarzimiz ko`payib ketibdi, kelib, hisoblagichdan yozib ketishdi. 1 haftadan beri tomib yotgan suv ham yuzlab litr bo`ldi shekilli», «dadangiz shlangkani kesib, tuzatardilar, erkaklar yaxshi tushunadi, siz ham urinib ko`ring», «o`zim santexnik chaqirardim, uyda yolg`izman, bolalar ham maktabda, uyalaman. Xotin boshim bilan uyga begona odamni chaqirmay»…

 

Qonunlarga undov emas, nuqta qo`yilsa ham bajarilishi qat`iy ekanligini hamma biladi. Erkaklarimiz bizga qo`ygan turli taqiqlarni undov bilan yakunlasalar ham ba`zan bizning hisobimizga yon bosib turadilar. Ming makr, ming hiyla bilan erishgan aynan shu «kelishuv onlari»ngizdan ehtiyotkorlik va oqilona foydalansangiz, eringiz sizga o`ziga ishongandek ishona boshlaydi!

manba: Darakchi.uz

ULASHISH