Aksariyat hollarda oiladagi katta janjallar kichik muammolardan boshlanadi. Agar biz turmush o`rtog`imizga qanday munosabat yoqishiga yohud o`zimizga ahamiyatsizdek ko`ringan ba`zi narsalar, holatlar sevimli insonimiz uchun muhim ekanligiga e`tibor qaratsak, oiladagi tushunmovchiliklar anchagina kamayar ekan.

Nasib qilsa, uylanib, ola xurjunni bo`ynimga olganimga yaqinda besh yil bo`ladi. To`g`ri, daryodek tez oqib ketayotgan umr uchun besh yil xuddi besh soniyadek gap. Lekin men uchun ana shu yillarning har bir kuni alohida saboq bo`ldi, desam adashmayman. “Qars ikki qo`ldan chiqadi” degan gap qanchalik to`g`riligini oilali bo`libgina bildim. Ikki insonning bir-birini sevib, tushunib, kelishib yashashi natijasidagina tinch-totuv, ahil oila bo`ladi. Sizning ayolingiz qandayligini bilmadim-u, lekin mening xotinimdek qaysar, injiq ayol faqat bitta bo`lsa kerak. Mehribon, ozoda, tartibli va pazandaligini ham aytib o`tmasam, unga nisbatan biroz nohaqlik bo`lar. Lekin ichimdagini top deb yurib, tag`in “men bilan umuman gaplashmaysiz” deb janjal qilishi, hali u, hali bu narsa yoqmasligi, tartibga chaqiraverishi ba`zida hiqildog`imga keladi. Shunda uni qayta tarbiyalashni o`zim uchun maqsad qildim, faqat buning uchun uni o`zgartirmadim, aksincha, tarbiyaviy ishlarni o`zimdan boshladim. Ozgina qunt va sabr… Natija esa yomon emas!

Men bu tavsiyalarni o`z tajribamdan kelib chiqib yozdim. Va bu “qo`llanma”ni ishdan qaytganida xotini kulib kutib olishini istagan erkaklar bilan bo`lishmoqchiman.

1-qadam: Tong otdi. Toza dazmollangan kiyimlarni egningizga kiyib, ayolingiz tayyorlagan mazali nonushtadan bahramand bo`lasiz. Sizni mehr ila ishga kuzatayotgan umr yo`ldoshingizga siz ham chiroyli tabassum hadya eting. Atrofingizda parvona ayolingiz bunga loyiq. U bundan-da ko`prog`iga munosib ekanligini siz yaxshi bilasiz.

2-qadam: Uyga qaytayotganda ishdagi muammolarni elkangizga ortib kelmaslikka harakat qiling. Farzandlaringiz va xotiningiz sizni qovoqlaringizdan qor yog`ayotgan holda ko`rib, qo`rqishlarini istamasangiz, ochiq chehra bilan uyga kirib keling.

3-qadam: Oila a`zolaringiz bilan dasturxon atrofida o`tirganda, kun qanday o`tganiga qiziqing. O`zingiz ham kun davomida bo`lib o`tgan qiziqarli voqealardan so`zlab bering. Inson nima istayotganini suhbat orqali bildiradi. Shuningdek, bu jarayon farzandlaringiz va ayolingizni nimalar tashvishga solayotganini bilishingizga yordam beradi.

4-qadam: Kayfiyatingiz bo`lmasa, bunga atrofdagilar aybdor emas! Sizning avzoyingiz buzuqligi uchun boshqalarning ham kayfiyatini tushirishga urinmang. Yaxshisi, kayfiyatingiz yomonligini oila a`zolaringizga bildirmang.

5-qadam: O`zingizni boshqalarni tinglashga, tushunishga o`rgating. Boshqalar ham o`z fikriga ega ekanligi yodingizdan ko`tarilmasin, ularning mulohazalari siz uchun qadrli ekanligini ko`rsating. Yaxshi suhbatdosh bo`lishga harakat qiling. Dilkash suhbatlar, qiziqarli mavzulardagi munozaralar oila a`zolarini yanada yaqinlashtiradi.

6-qadam: E`tiborli bo`ling. To`g`ri, eng katta va qadrli sovg`a e`tibor, lekin sovg`a berishni unutib qo`ymang. Bayram kunlari, oilangiz uchun ahamiyatli bo`lgan sanalar, masalan, tug`ilgan kunlar, to`yingiz bo`lib o`tgan kunda ayolingiz va farzandlaringizni sovg`alar bilan siylab turing. Muhim sanalarni ham kutish shart emas. Ayolingizga kutilmagan sovg`alar hadya qilish bilan uning ko`nglini tog`dek ko`tarishingiz mumkinligini o`zingiz ham yaxshi bilasiz.

7-qadam: Ayolingizning harakatlarida yoki qilgan ishlarida, tayyorlagan taomida biror kamchilik ko`rsangiz, buni turmush o`rtog`ingizning ko`ngliga tegmaydigan qilib aytish mumkin. Kichik muammolarni ovozni balandlatish yoki haqoratlar bilan hal etib bo`lmaydi.

8-qadam: rafiqingizning yonida boshqa ayollarni maqtamang. O`zgalarning yutug`ini unga ro`kach qilmang. Bunday qilganingiz bilan ayolingiz yaxshi tomonga o`zgarmaydi, aksincha sizga jahl qilib, arazlab qolishi mumkin. Undan ko`ra, xotiningizning mehnatini qanchalik qadrlashingizni ayting. Uy yumushlari biz o`ylaganchalik oson ishlar emas. Biz-ku ishdan uyga qaytib, dam olamiz, uy bekalari esa sutkasiga 24 soat ishlaydi. Bunday mehnatkash ayolingizni maqtash aslo yodingizdan chiqmasin.

9-qadam: Turmush o`rtog`ingiz qarindoshlaringiz, ota-onangizni boshiga ko`tarib hurmat qiladi. Uyingizdagi chaqaloqni ham sizlab gapiradi. Siz ham shunga yarasha uning oila a`zolariga ham hurmatda bo`ling. Qarindoshlari, ota-onasidagi kamchilikni ko`rsangiz, buni rafiqangizga aytishingiz shart emas. Mabodo ayolingiz bilan “sen-men”ga borib qolganingizda ham ular haqidagi gaplarni aralashtirmang. Ertaga munosabatlaringiz o`z o`rniga tushib ketganda uyalib qolmang, deyman-da.

10-qadam: Yaqinlari, qarindoshlari, dugonalari bilan ko`rishib turishiga to`sqinlik qilmang. Choyxonalar, gap-gashtaklarga ketayotganingizda “Meni hech qaerga yubormaysiz, ziyofatlaringizning esa cheki ko`rinmaydi” degan gaplarni eshitishni istamasangiz, cheklovlarni kamroq qo`ying. Ayolingiz, farzandlaringiz bilan sayrga chiqishni oilaviy odatga aylantiring.

11-qadam: Ishxonada bo`lganingizda ayolingizga qo`ng`iroq qilib, xabar olib turing. Uni sevishingizni eslatib turishni ham unutmang. Uyga qaytishingizga mo`ljallab shirin taomlar tayyorlab turgan ayolingizga bu yanada ilhom bag`ishlaydi.

12-qadam: Ayolingizni haqoratlamang. Qo`l-oyoqlaringiz yugurik bo`lmasin, ayol kishiga faqatgina irodasi kuchsizlargina qo`l ko`taradi. Begonalar va farzandlaringiz oldida unga qattiq gapirmang. Bilingki, bir kun janjal bo`lgan uydan 40 kun fayz-baraka ketadi. Ur-to`polon bilan vaziyatni ijobiy hal qilib bo`lmaydi. Ba`zida erkak kishi ham sukut saqlashni bilishi kerak.

13-qadam: Turmush o`rtog`ingizning ijtimoiy kelib chiqishi qanday bo`lishidan qat`i nazar, bu haqda gapirmang. Siz bu narsalarni bilib turib unga uylangansiz, farzandlaringizning onasini kamsitish yaxshi emas.

14-qadam: Siz oilaning boshisiz, lekin ayolingizga hadeb “men sendan ustunman” deb zug`um o`tkazavermang. Oila baxtining yana bir kaliti “sen” va “men” so`zlari o`rniga “BIZ” olmoshini qo`llashdir. Bu bir-biringiz uchun yashayotganingiz belgisi.

15-qadam: Ayolingizning jahli chiqqanida yoki nimadandir siqilganida uni tushunishga harakat qiling. Xamdard bo`ling, qo`llab-quvvatlang, tinchlantirishga harakat qiling. Faqat jahl bilan javob qaytarmang. Ayollar hamdardlikka erkaklardan ko`ra ko`proq muhtoj bo`lishadi.

16-qadam: Dam olish kunlarini oilangizga bag`ishlang. Ro`zg`orda va uy yumushlari orasida erkak kishi mas`ul hisoblangan ba`zi ishlar bor. Masalan, jo`mraklar, elektr jihozlarini ko`zdan kechiring. Kamchiliklarini bartaraf eting. Shuningdek, ko`ngilochar joylarga farzandlar bilan birga borib, hafta davomida yig`ilib qolgan charchoqlaringizdan qutulsangiz bo`ladi.

17-qadam: Ayolimiz biz uchun pardoz qilib, chiroyli liboslarini ham biz uchun kiyishar ekan. Endi biz ham shunga yarasha javob qaytarishimz kerak. Shuning uchun xotiningizning tashqi ko`rinishiga a`lo baholar berib turing, iltifotli bo`lishga harakat qiling.

18-qadam: Ayollar maqtovga o`ch bo`lishadi. Ayolimning fe`lini o`rganib, bunga amin bo`ldim. Uddalagan ishi kichik bo`lsa ham, bu ishi uchun siz uni hammadan ham ko`proq maqtang.

19-qadam: Qaysi soha yoki jabhada bo`lmasin, turmush o`rtog`ingizdan kuchli ekaningizni ko`rsatishga harakat qilmang. Haqiqatni tan olishimiz kerak, ba`zi joylarda ayollar bizdan ko`ra ancha bilimliroq. Masalan, ro`zg`or va bolalar tarbiyasida.

20-qadam: Imkon qadar moliyaviy masalalarni ijobiy hal eting. Ayollar minnatchi erkaklarni yomon ko`rishadi. Bizning esa nimaga qancha sarf-harajat qilganimizni ta`kidlayveradigan odatimiz bor. Bu ayollarning asabiga tegar ekan. Ayniqsa, ro`zg`or, bolalar va unga ketgan pullar haqidagi fikrlaringizni so`z bilan ifodalamaganingiz ma`qul.

21-qadam: Uy ishlarida ayolingizga yordam berib turing, siz ishda qanchalik charchasangiz, ayolingiz ham uyda bolalar bilan bo`lib shunchalik toliqadi. U ham inson, biroz hordiq chiqarish imkoniyatini yarating.

22-qadam: Sizni kamroq so`roq qilishlarini istasangiz, kunlik rejangiz haqida qisqacha ma`lumot berishingiz mumkin. Turmush o`rtog`imiz bizdan xavotir olgani uchun ko`p xabar olar ekan. Shuning uchun qo`ng`iroqlarga javob berolmay qolishingiz, uyga kech qaytishingiz haqida ogohlantirsangiz, olam guliston! Yana bitta dilxiralikning oldini olgan bo`lasiz.

Biz ayolimizni o`zgartirishga, o`zimizga, oila a`zolarimizga, bor-yo`g`imizga moslashtirishga, ko`nishtirishga majbur qilamiz. O`zimiz-chi? Deyarli, hech narsa. Mana shu qadamlar bilan tinch, osuda “qo`rg`onimizni” yanada mustahkamlashimiz mumkin. Mana, mening baxtli hayotim siz uchun misol bo`lsin!

Baxtli oilaning xo`jayini

manba: Darakchi.uz

ULASHISH