Statistik ma`lumotlarga ko`ra, 10 erkakdan 8 tasi umrida bir marta bo`lsa-da, sevimli yoriga xiyonat qilar ekan. Ruhshunoslar ayollarga faqatgina bir maslahat, har qanday vaziyatga tayyor turish va aql bilan yondashishni tavsiya etishadi. Erning xiyonatini kechirish yoki kechirmaslikni har bir ayolning o`zi hal qiladi. Fayzli oilaning guldek bekasining qarshisida uch yo`l turadi: hammasiga ko`z yumib yashash, ajrashish hamda oilani saqlab qolish uchun kurashish. Biroq erning ketini kovlashtirish, surishtirishdan oldin yaxshilab o`ylab ko`ring! Axtargan odam, albatta o`ziga kerakli narsani topishi aniq. Tajribamdan kelib chiqib aytaman, eringizni ko`chadagi «hunar»lari haqida qanchalar kamroq bilsangiz, asabiylashishlar ham sizdan chekinar ekan. Haqiqat har doim achchiq bo`lgan, siz uni «hazm» qila olarmikansiz?! Balki hech narsaga e`tibor bermay, tinchgina yashashda davom etgan ma`quldir… Axir ot aylanib, qozig`ini topadi degan maqol bejizga aytilmagan-ku!

  1. Agar hislaringizni boshqarishga kuchingiz etmasa, yolg`iz qolingda, ichingiz bo`shatish uchun yig`lab oling. So`ng o`zingizni qo`lga olishga urining. Vahimaga berilib, pashshadan fil yasamang! Rashkdan yonayotgan bo`lsangizda, hammasiga nuqta qo`yish uchun munosabatlarga aniqlik kiritishni istasangizda, maslahatim, bu ishni qila ko`rmang! Chunki foydasi yo`q… Jahlingiz eringizni sizga qarshi qilib qo`yadi.
  2. Jangga kirishdan avval dushman tomonni yaxshilab o`rganish, shuningdek, qarshi taraf bilan sulh tuzish kabi holatlar ham bor. Bu ishga kirishishdan avval yaxshilab fikrlab ko`ring, siz eringizni ma`shuqasi bilan yuzma-yuz kelishga tayyormisiz? Unutmang, siz yolg`iz emassiz! Eringiz faqat sizga emas, balki ota-onasi, jigarlariga ham kerak. Shuning uchun dushman taraf bilan uchrashgani elchi sifatida qaynona, xola-amma, qayin-bo`yinlarni yuborgan yaxshi emasmi? Har holda ular sizdan ko`ra bosiqlik bilan gaplashishi mumkin. Yana, o`sha ayolning oldida obro`ingiz to`kilmasligiga ham yordam beradi.
  3. O`zingizga e`tiborli bo`ling! Pulingiz va vaqtingizni imkon qadar o`zingizga sarflang. Ayol o`zini sevsagina, erkak tomonidan ham sevilishga erishadi. Muammodan diqqatingizni uzoqlashtiring, farzandlarningiz va o`zingiz bilan chalg`isangiz… Vaqtning o`tishi osonlashadi. Muammoga ham boshqa rakursdan nazar solayotganingizni o`zingiz ham his qilasiz.
  4. Asosiysi, eringiz xotirjam va o`ziga ishongan rafiqasini ko`rib, tanimay qolsin! Oilani saqlab qolishni niyat qilgan ekansiz, hammasini boshidan boshlang. Ortda qolgan xatolarni hadeb eslash sizga yarashmaydi!
  5. Unutmang! Folbin-u issiq-sovuqchilarga qatnamang! Baribir foydasi yo`q! Duoga qo`l ochib, niyatingiz ijobatini Tangridan so`rang!

manba: Darakchi.uz

ULASHISH