Eng qimmat yaxtalar reytingi e’lon qilindi

Niderlandiyaning Oceanco kemasozlik korxonasi qariyb 90 metr uzunlikka ega Y715 yaxtasini taqdim etdi. Noyabr oyida Karib dengizi bo‘ylab kruiz safarlari boshlanishi inobatga olingan holda taqdimot shu kunlarga mo‘ljallangan edi.

1-14-680x384

Ushbu taqdimot munosabati bilan “Gazeta.ru” jahonning eng qimmat yaxtalarini esga oldi.

The Rising Sun, 200 million dollar

2-16-680x384

Qariyb 138 metr uzunlikka ega Rising Sun dunyoning eng uzun yaxtalari reytingida 10-o‘rinni egallab turibdi. Kema Oracle kompaniyasi bosh direktori Larri Ellisonga tegishli.

Yaxtada basketbol o‘yini uchun maydoncha bo‘lib, undan vertolyot qo‘nalg‘asi sifatida ham foydalanish mumkin; shuningdek, yaxtada kinozal, vino saqlanadigan omborxona, sportzal va spa bor.

Yaxtaning besh sathida umumiy maydoni 8 ming kvadrat metrga teng jami 82 xona mavjud. Bortda bir paytning o‘zida 16 mehmon dam olishi mumkin, ularga 30 nafar ekipaj a’zosi xizmat ko‘rsatadi.

Seven Seas, 200 million dollar

3-14-680x384

Yaxta egasi — mashhur rejissor Stiven Spilberg. Bu shaxsiy kemada bir paytda 14 mehmon joylashishi mumkin, buning uchun yettita kayuta ko‘zda tutilgan. Ekipaj 26 kishidan iborat bo‘lishi mumkin.

Yaxtada proyektorli kinoteatr, vertolyot qo‘nish maydoni, trenajyor zali va manzarali hovuz bor. Bundan tashqari, yaxta zamonaviy interyeri bilan mashhur.

Lady Moura, 210 million dollar

4-10-680x384

Lady Moura saudiyalik millioner Nassar Rashidga qarashli. Shunga muvofiq, yaxta sharqona hashamat uslubida bezatilgan. Jumladan, bortga 24 karatli oltin bilan kemaning nomi yozilgan. Yaxtaning baland ust qavatlariga katta shishali derazalar bilan zeb berilgan. Yuqori palubada esa hovuz va qum maydonchasi plyaj vazifasini bajaradi. Ushbu qavatning tomi ochiladi. Albatta, bu kemada ham vertolyot qo‘nish maydonchasi bor.

Lady Moura’ning eng mashhur jihati 18 metrli tushlik stolidir. U Britaniya qirollik oilasi a’zosi, Christie’s auksion uyi faxriy raisi, taniqli mebel ishlab chiqaruvchisi vikont Linli tomonidan yaratilgan.

Yaxtada bir paytda 30 mehmon joylashishi mumkin, 60 kishilik ekipaj esa ularga barcha qulayliklarni yaratib beradi.

Al Mirqab, 250 million dollar

5-8-680x384

Qatarning sobiq bosh vaziri shayx Hamad bin Jasim bin Jobir at-Taniyga tegishli yaxta 24 mehmon va 55 kishilik jamoaga mo‘ljallangan.

Yuqoridagi kabi bu yaxtada ham maroqli dam olish uchun barcha sharoitlar mavjud. Uning o‘ziga xosligini esa qo‘lda yasalgan billur qandil va zinalar hamda amerikalik haykaltarosh Deyl Chixulining shishali installyatsiyalari namoyon etadi.

Kema uzunligi — 133 metr. Unda ikkita hovuz, kinoteatr va vertolyot qo‘nalg‘asi mavjud.

Al Said, 300 million dollar

6-6-680x384

Ummon sultoni Kobus bin Saidning sevimli yaxtasi matbuot nigohidan uzoq tutiladi, negaki uning xo‘jayini OAV diqqatini xushlamaydi.

Mishmishlarga ko‘ra, kemada konsert zali bo‘lib, uning sahnasiga 50 musiqachidan iborat butun boshli orkestr sig‘adi. Palubaning katta qismi o‘rab olingan va konditsionerda sovutiladi. Yaxta 70 mehmon va 154 kishilik ekipajga mo‘ljallangan.

Dubai, 350 million dollar

7-4-680x384

162 metr uzunlikdagi yaxta 72 mehmon va 88 kishilik jamoaga mo‘ljallangan chinakam shaharchadir. U kattaligi bo‘yicha dunyoda uchinchi o‘rinda turadi.

Dubai odatda Logo Island sun’iy orolida, Dubay amiri shayx Muhammadning yozgi saroyiga yaqin hududda turadi.

Sakkiz palubali yaxtada mehmonlarga uchta lift, hovuz, spa-salon, shishali zina, ko‘plab tushlik stollari muntazir. Kutilmagan iqlimiy sharoitlar uchun vertolyot qo‘nish maydonchasi va suv osti kemasi nazarda tutilgan.

Eclipse, 450 million dollardan 1,2 milliard dollargacha

8-4-680x384

Eclipse Germaniyaning Blomh&Voss kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan. Dizayn ustida Londonda joylashgan Terence Disdale Design kompaniyasi ishlagan. Yaxta egasi — rossiyalik milliarder Roman Abramovich. 162,5 metr uzunlikdagi yaxtada to‘qqizta paluba, 62 mehmonga mo‘ljallangan 24 ta lyuks-kayuta, ikkita hovuz, kinozal, raqs maydoni va vino omborxonasi bor. Ichimliklar uchun idishlar dunyodagi eng qimmat billur bo‘lmish Avstriya billuridan maxsus ishlangan. Shuningdek, bu yerda ulkan massaj xonasi bo‘lib, uning devorlariga o‘rmalovchilar va qoplonlar terilari tortilgan. Yaxtaning yana bir o‘ziga xos jihati — yomon niyatli kishilar va paparatssilarni aniqlovchi o‘z himoya tizimi.

Streets of Monaco, 1 milliard dollar

9-2-680x384

Streets of Monaco yaxtasi suv ustidagi shaharni eslatadi. Dizaynerlar bu yerda Monako ko‘chalarini aks ettirishga uringan bo‘lib, unda shinam mehmonxonalar, Cafe de Paris restorani, La Rascasse tungi klubining mitti nusxalari va hatto Monako Gran-prisi yo‘nalishini takrorlovchi karting-trek barpo etilgan. Streets of Monaco markazida joylashgan “Atrium” pastki va yuqori sathlarni o‘zaro bog‘laydi. Har bir sathda yettitadan mehmonxona bo‘lib, ularning har biri, o‘z navbatida, yotoqxona, vanna va balkon bilan ta’minlangan. Ulkan maydoniga qaramay (1,5 ming kvadrat metr), bu yerda faqat 16 mehmon dam olishi mumkin.

Yaxta hozircha hech kimga tegishli emas. 2011-yilda Britaniyaning The Yacht Island kompaniyasi tomonidan yaratilgan yaxta shu qadar g‘ayrioddiy va qimmat bo‘lib chiqdiki, unga haligacha xaridor topilgan emas. U Turkiya portlaridan birida egasini kutib turibdi.

manba: Daryo.uz

ULASHISH