Geografik xaritalarda yer yuzi mamlakatlarini qidirar ekansiz, ularning nomlanishi bilan hech qiziqib ko’rganmisiz?  Shunisi e`tiborga molik-ki, ayrim mamlakatlar nomini o’zbekchaga tarjima qilsangiz, juda ham qiziqarli ma`noni anglatadi. To’g’ri, ayrim hollarda ayrim nomlar mamlakatning hozirgi darajasini namoyon qilishi mumkin. Ammo ko’p hollarda  ayrim davlatlarning nomi jismiga mos emasdek tuyuladi. Keling, ayrim mamlakatlarning nomlanishiga qisqacha bo’lsa-da, to’xtalib o’taylik.

Norvegiya “Shimoliy yo’l mamlakati” deyiladi. Vetnam va Avstraliya esa “Janub mamlakati” deb ataladi. Yaponiyani “Kun chiqar yurt” deyishadi. Xitoyliklar o’z yurtlarini “Osmon osti mamlakati” deyishadi. Koreya esa “Tong bokiraligi o’lkasi” deyiladi. Avstriya esa nemischa “Osterrayx” deb yuritilib, bu “Sharqiy mamlakat” degan ma`noni anglatadi. Irlandiya atamasi “eyre” so’zidan kelib chiqadi va “G’arbiy orol” degan ma`noni beradi. Janubiy Amerikadagi Ekvador mamlakatining nomi “ekvator” atamasidan kelib chiqqan.

Tinch okeanidagi Tuvalu davlatining nomi “Yaqin atrofda 8 ta orol mavjud” degan ma`noni anglatar ekan. Niderlandiya “Quyidagi mamlakat” deganidir.

Bir qator mamlakatlarning nomlanishiga, hayvonot va o’simlik dunyosi sabab bo’lgan. Braziliyaning nomi mazkur mamlakatda o’sadigan qizil rangli paubrazil daraxtidan olingan. Afrikadagi Mali esa mahalliy malinka elati tilida “Begemotlar mamlakati” degan ma`noni anglatadi. Bu mamlakat poytaxti Bamako esa “Timsoh ortidagi qishloq” deganidir. Bu shahar gerbida timsoh aks etgan. Afrikadagi yana bir davlat Uganda poytaxti Kampala esa “Ohu” degan ma`noni   anglatadi.

Somali nomi mahalliy tilda “sao somao” deb nomlanib, “Borib sigirni sog’” deganidir. Afrikaning bu mamlakatida shoxli hayvonlar shu qadar ko’pki, aytishlaricha suvdan ham sut ko’proq ekan. Ispaniya qadimiy Karfagen tilidan tarjima qilinganida “Quyonlar mamlakati” degan ma`noni anglatadi. Bu mamlakatda quyonlar shu qadar ko’p bo’lganki, hatto tanga pullarda ham quyonlarning surati bo’lgan.

Yer yuzidagi ayrim mamlakatlarning nomlanishi mintaqada joylashgan tog’, ko’l, daryo nomlaridan kelib chiqqan. Jug’rofiy nomlar yangi paydo bo’lgan yosh davlatlarga qo’yilishi bilan bog’liq hodisalar ham uchraydi. Afrikadagi Kamerun vulqoni nomidagi davlat ham bor. Afrikadagi Nigeriya, Senegal, Gambiya, Kongo va Janubiy Amerikadagi Paragvay nomi mintaqadan oqib o’tuvchi daryo nomidan olingan. Hatto Hindistonning ham Hind daryosi sharafiga qo’yilgani hech kimga sir emas.

Namibiya cho’li nomidagi davlat ham borligidan hamma boxabar bo’lsa kerak. Afrikadagi Chad ko’li nomidagi davlat ham bor. Tanganika ko’li va Zanzibar oroli nomlaridan Tanzaniya degan mamlakat paydo bo’ldi. Markaziy Amerikadagi Kuba, Yamayka, Trinidad va Tobago, Barbados, Grenada orollarida paydo bo’lgan yangi davlatlarga orollarning nomi berilgan. Yevropadagi Irlandiya, Islandiya, Malta davlatlarining nomi  ham orollar sharafiga qo’yilgan. Islandiya “muzliklar yeri”, Grenlandiya esa “Yam-yashil yer” degan ma`nolarni anglatadi. Osiyodagi Kipr, Shri-Lanka, Filippin davlatlarining nomi ham orollar nomini anglatadi.

Nomlari zikr qilingan davlatlarni omadli deyish mumkin. Chunki ularning nomi o’zlariga mos keladi. Ammo shunday davlatlar ham borki, ularning “nomi jismi”ga mutloqo mos tushmaydi. Mahalliy Urugvay daryosi nomi bilan ataluvchi Urugvay davlatning nomi “qush dumi” degan ma`noni anglatar ekan. Gvatemala esa “Chirigan daraxt” degan ma`noni beradi. Panama esa “Kapalak” deganidir. Biroq ko’pchilik Panama deganda shlyapaga o’xshash bosh kiyimni tushunadi. Aslida bu bosh kiyim ilk bor Ekvadorda  foydalanilgan. Ammo Yevropaga Panama orqali o’tgani bois ham shu mamlakat nomi berilgan bo’lsa kerak.

Janubiy Amerikadagi Venesuela nomi Italiyadagi Venetsiya sharafiga qo’yilgan. 1499 yilda ispan dengizchilari bu yerga qadam qo’yishar ekan, Venetsiyaga o’xshab ketadigan qishloqqa duch kelishadi va uni Venesuela, ya`ni “Kichkina Venetsiya” deb atashadi. Keyinchalik bu qishloq atrofi, so’ngra butun mamlakat Venesuela deb yuritila boshlandi. Bugungi kunda mamlakat nomini Lotin Amerikasidagi bosqinchilarga qarshi kurashgan Simon Bolivar sharafiga Libertador, ya`ni “Xaloskor” deb o’zgartirish kerak degan taklif muxokama qilinmoqda. Shuni eslatib o’tish kerak-ki, Simon Bolivar nomida Boliviya degan mamlakat bor.

Karib dengizida Ispaniyadagi Grenada nomli shahar nomidagi mamlakat mavjud. Saudiya Arabistoni birinchi podshoh Ibn-Saud nomiga qo’yilgan. Janubiy Amerikadagi Kolumbiya mamlakati kimning sharafiga qo’yilgani xaqida izoh berilmasa ham, barchaga yaxshi ayon bo’lsa kerak.

G’arbiy Afrikadagi Burkina-Faso mosi elati tilidan tarjima qilinsa, “Munosib odamlar mamlakati” degan ma`noni anglatadi. Bu mamlakat poytaxi Uogadugu  esa “Xush kelibsiz” deganidir. Afrika g’arbidagi Liberiya “ozodlik mamlakati” deganidir. Tinch okeanidagi Vanuatu esa “mustaqil bo’lgan va bundan keyin ham mustaqil bo’ladigan mamlakat” deganidir.

manba: Kun.uz

ULASHISH