Taqdir Zaynab Favadni shafqatsiz sinovlarga duchor qildi. Kamsitilgan, 4 yoshli egizak farzandlaridan ajratilgan, panjara ortida o’tirib chiqqan, boshpanasiz qolgan 44 yoshli hind ayoli hozir juda qiyin ahvolda qolgan. Bu haqida Emirates 24|7 nashri ma`lum qildi.

Zaynab ikki marta o’z joniga qasd qilmoqchi bo’lgan, biroq farzandlari bilan qayta birlashish xayoli uni bunday qadamdan saqlab qolgan.

«Men aqldan ozay deyapman, hayotdan bor umidimini yo’qotganimda uchinchi marta bu salbiy o’y-xayollarni yengishga kuchim yetarmikan?», — deydi u ko’zida yosh bilan.

Asli gudjaratlik (Hindiston), san`at instituti bakalavri bo’lgan ayol ilk marta BAAga 2003 yilda kelgan. Tez orada u Jabal Ali kiyim ilgichlar ishlab chiqaruvchi kompaniyasida ma`mur lavozimida ish boshlagan. Aynan shu yerda u o’zining bo’lajak turmush o’rtog’ini uchratgan, asli pokistonlik bo’lgan bu yigit ishlab chiqarish menejyeri sifatida faoliyat yuritardi.

«Biz bir necha yil sevishib yurib, 2007 yilda, Karachi (Pokiston)da turmush qurdik», — deya xotirlaydi u.

2012 yilning 2 noyabrida Zaynab Hindistonda o’z egizaklari — Mustafo va Muzammilni dunyoga keltiradi. Bir necha oy o’tgach, u farzandlari bilan BAAga qaytadi va Sharjada eri bilan birga yashaydi.

Biroq oilaviy xotirjamlik uzoqqa cho’zilmadi. Eri uning nomiga firma ochganidan keyin ular Dubayga ko’chib o’tishdi va bu yerda ularning orasida kelishmovchiliklar yuzaga kela boshladi.

«Ish yaxshi ketayotgandi, ammo bizning munosabatlarimizga putur yetdi. Ishi ham boshiga yetgach, erim bolalarni (ikkalasi ham hind pasportiga ega) olib, Pokistonga ketdi. Yarashishga hech qanday umid yo’q edi, 2014 yilning oxirlarida Dubaydagi politsiya bo’limiga yordam so’rab borganimda, kompaniya boshqaruvidagi tekshiruv ishlari tufayli, birovning aybi bilan bir oyni panjara ortida o’tkazdim».

2015 yilning iyul-sentabr oylarida Dubaydagi uy ijarachisining unga qarshi ochgan sud ishi bo’yicha jarima to’lovlarini amalga oshirmagani uchun yana ikki marta hibsga olindi.

«Barcha hujjatlar mening nomimga rasmiylashtirilgani uchun hammasiga o’zim aybdor bo’lib chiqdim. Ijara shartnomasi uzaytirilmagani va to’lov amalga oshirilmaganligi tufayli yana jazoga mahkum bo’ldim. Shunda otam Hindistondagi uyini garovga qo’yib, 14 000 dirham miqdoridagi to’lovni amalga oshirdi, hali-hanuz yana 26 000 dirham qarzim bor, ularni qayerdan olishni bilmayman».

2016 yilda viza muddati tugaganligi sabab Zaynab ish topa olmayotganini aytdi.

Bu yerda Zaynab ne ko’rguliklarni boshidan kechirayotgan bir paytda eri qayta turmush qurgani haqida xabar topdi.

«Butun dunyo ko’z oldimda qorong’u. Mening soddaligimdan foydalanib, aldashdi, haqorat qilishdi», — deydi Zaynab. Hozir u umumiy yotoqxonada bazo’r kun kechirmoqda.

«Men bor-yo’g’i farzandimni qaytarishni xohlayman. Ularni uch yildan beri ko’rmadim, axir, yuragim qayg’u-alamga to’la», — deydi ayol.

Hindiston va Pokiston o’rtasidagi ziddiyatli munosabatlarni hisobga olsak, nochor hind ayolining Pokistonga borib, farzandlari uchun kurashishi amri mahol.

Shunga qaramasdan, Zaynab umid qilishda davom etmoqda. «Mo’`jiza ro’y berishi mumkin-ku, shunday emasmi?», — deydi u najot bilan.

manba: Kun.uz

ULASHISH