O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi 27-oktabr kuni vazirlik va idoralar, xo‘jalik birlashmalari rahbarlari, Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar, shahar va tumanlar hokimlarining “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni talablarini so‘zsiz bajarish yuzasidan javobgarligi to‘g‘risida qaror (pdf) chiqardi, deb yozadi “Gazeta.uz”.

Hujjatda keltirilgan statistikaga ko‘ra, 2016-yilning 9 oyida respublikadagi barcha davlat organlari va mahalliy hokimliklarga jismoniy va yuridik shaxslardan jami 338,2 mingta murojaatlar kelib tushgan bo‘lib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 3,1 foizga ko‘paygan. Shu jumladan, Vazirlar Mahkamasida murojaatlar soni — 16,3 mingtani, viloyat hokimliklarida — 50 mingtani, shahar va tumanlar hokimliklarida — 200,8 mingtani hamda vazirliklar, idoralar va xo‘jalik boshqaruv organlarida — 71,2 mingtani tashkil etgan.

Hududlar kesimi bo‘yicha jismoniy va yuridik shaxslardan eng ko‘p murojaatlar Toshkent shahar (14,8 mingta yoki 29,9%), Toshkent (5,9 mingta, 12%), Samarqand (4,1 mingta, 8,3%), Andijon (3,5 mingta, 7,2%), Namangan (3,3 mingta, 6,8%), Qashqadaryo (2,8 mingta, 5,7%) va Surxondaryo (2,7 mingta, 5,6%) viloyatlari hokimliklariga tushgan.

Ta’kidlanishicha, mahalliy hokimliklar, vazirliklar va idoralarda murojaatlarni ko‘rib chiqishning ahvolini o‘rganish natijalari joylarda jiddiy muammolar mavjudligini, ularning yechimlari o‘z vaqtida topilmaganligi, bu masalaga rahbarlar tomonidan panja orasidan qaralayotganligi hamda mas’uliyatsizlik va sansalorlik holatlariga yo‘l qo‘yilganligini ko‘rsatdi.

2016-yil 24-sentabrdan boshlab aholi va tadbirkorlar tomonidan Bosh vazir elektron qabulxonasiga respublikaning barcha hududlaridan jami 77,1 mingta murojaat kelib tushgan. Ularning 20,9 mingtasi vazirlik va idoralar, mahalliy hokimlik organlari tomonidan ko‘rib chiqish jarayonida, 33 mingtasiijroga yuborilgan, 23,2 mingtasi hal etilgan.

“Qisqa muddatda elektron qabulxonaga ko‘p sonli murojaatlarning kelib tushishi joylardagi, ayniqsa shahar va tuman miqyosidagi mutasaddi rahbarlar xalqning taklif va muammolari bilan qiziqmasligini, aksariyat hollarda jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlariga e’tiborsiz ekanligini ko‘rsatdi”, — deyiladi qarorda.

Yuzaga kelgan vaziyatni hisobga olib, Vazirlar Mahkamasi “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi Qonun talablarini so‘zsiz va o‘z vaqtida bajarish Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi, viloyatlar, shaharlar va tumanlar hokimliklarining asosiy vazifalaridan biri deb hisoblanishi haqida qaror qildi.

Barcha davlat organlariga aholi va tadbirkorlar uchun kunlik soat 8 dan 11 gacha shaxsiy qabullarni tashkil qilish, joylarda aholi va tadbirkorlik subyektlari bilan ishlashni tubdan qayta ko‘rib chiqish, ularning muammolari va e’tirozlarini joyida hal etish, aholi bilan ishlash madaniyatini oshirish yuklatildi.

ULASHISH