Charmdan tayyorlangan kiyim-boshingiz har doim yangidek ko‘rinishi uchun nima qilish kerak?

Charm — libos tayyorlashda foydalaniladigan eng ko‘hna materiallardan biridir. U qayishuvchan va chidamli, havo o‘tkazadi va shamoldan saqlaydi. Charmdan tayyorlangan kiyim-kechaklar deyarli har doim urfda. Biroq, qanchalik qulay va universal bo‘lmasin, charm o‘ziga xos parvarishni talab qilishini ham yoddan chiqarmaslik kerak.

charm-2-680x544

 

Charmdan ishlangan buyumlarni tabiiy materiallardan, masalan, paxta yoki zig‘irdan tayyorlangan paket (qop)larda saqlash lozim. Qopga solishdan avval, qopning ichini ham, charm mahsulotni ham har turli iflosliklar va changdan tozalash zarur. Bu buyumlarni yaxshi saqlash kafolatidir.

Charm-teri mahsulotlari suvdan qo‘rqmasa-da, bunday mahsulotlarni yomg‘irli havoda kiymagan ma’qul. Suv tegishidan qochib qutilib bo‘lmasa, charm kiyimni qurigunicha artib, so‘ng quritish uchun osib qo‘yish kerak — shunda ham unga quyosh nuri tushmasligi zarur. Charm libosni faqat xona haroratida quritish darkor. Suv yuqtirmaydigan spreydan foydalanish ham zarar qilmaydi.

Charmdan tikilgan kiyimni chang va kirlardan doimiy tarzda tozalab turish kerak — bu vazifani oddiy nam latta ham zo‘r uddalaydi. Bir noqulayligi — bu ishni charm libos ko‘chaga kiyib chiqilgan har kun qilish lozim. Vaqti-vaqti bilan charm kiyim-kechakni kimyoviy tozalashga ham berib turish maqsadga muvofiq. Bunday tozalashdan so‘ng kiyim, odatda, o‘zining dastlabki ko‘rinishiga qaytadi.

charm-1

 

Charm poyabzalni kiyishdan avval uni qora krem bilan moylash, krem charmga singganidan so‘ng, uni duxoba shchyotka bilan yaxshilab sayqal berib yaltiratish kerak. Bunday poyabzalni kiyish vaqtida maxsus qoshiqchadan foydalanishni qat’iy tavsiya etamiz.

Poyabzaldagi noxushni hidni yo‘qotish uchun uni, masalan, vodorod peroksidi bilan qo‘shilgan suvga chayilgan latta bilan bir artib yuborish lozim. Charm poyabzalni har kuni, maxsus shchyotka va krem vositasida tozalab turish kerak. Ana shunda u sizga uzoq va ishonchli xizmat qiladi.

manba: Daryo.uz

ULASHISH