Farg‘ona viloyatining “Jo‘ydam ta’mir qurilish” kompaniyasi hamda Xitoyning “Tongli” hamda “Shanfeng” shirkatlari ishtirokida qo‘shma korxonalar tashkil etish bo‘yicha shartnoma imzoladi, deya xabar bermoqda Farg‘ona viloyati hokimligi axborot xizmati.

Shartnomaga ko‘ra, Andijon viloyatining Buloqboshi tumani hamda Farg‘ona viloyatining O‘zbekiston tumani Sho‘rsuv shaharchasida har biri sutkasiga 4000 tonna sement ishlab chiqaruvchi ikki korxona qurib, foydalanishga topshiriladi.

Buloqboshi tumanida qurilish-montaj ishlari boshlab yuborilgan. Xitoylik hamkorlar ushbu loyihaga 200 million dollaridan ortiq investitsiya kiritishi ko‘zda tutilgan. Sement ishlab chiqarish uchun zarur bo‘lgan xomashyo 100 foiz mahalliy konlardan olinadi.

Qayd etishlaricha, hozirda Farg‘ona viloyatida faoliyat ko‘rsatayotgan “Quvasoy sement” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar vodiy ehtiyojining 37 foizini tashkil etadi.

Yangi korxonalarning ishga tushishi hududda 1600 ga yaqin yangi ish o‘rni tashkil etishi bilan birga, vodiy aholisining sementga bo‘lgan ehtiyojini to‘liq qoplaydi.

Ma’lumot uchun, Buloqboshi tumanidagi korxona 2017-yilning, O‘zbekiston tumanidagisi esa 2018-yilning oxirida qurib bitkazilishi rejalashtirilgan.

ULASHISH