Britaniya sog’liqni saqlash milliy xizmati (NHS) mutaxassislari yilning sovuq mavsumidagi asoratlar bilan kurashish uchun hamda sog’lig’ida muammo bo’lgan kishilarga ko’proq issiq ovqat iste`mol qilishni tavsiya qilishmoqda. Shu bilan birga, ular keksa kishilarga qalin kiyinish va turar joydagi haroratni 18 darajadan tushirmaslikni maslahat berishdi. Bu haqida VVS nashri xabar berdi.

Britaniyadagi uylarda markaziy isitish tizimi yo’lga qo’yilmagan, aholining aksariyat qismi o’z uyidagi harorat rejimini o’zi belgilaydi. Issiqlik energiyasi to’lovlarining qimmatligi tufayli ko’pchilik, ayniqsa keksalar o’z uylaridagi issiqlik haroratini minimal darajada ushlab turishga harakat qilishadi. Bu esa, mutaxassislarning so’zlariga ko’ra, sog’liqdagi turli muammolarga olib keladi va ba`zi holatlarda erta o’lim bilan yakunlanadi.

NHS sovish va kasalliklar bilan bog’liq o’lim sonini kamaytirishni maqsad qilgan kampaniyani yo’lga qo’ydi.

2014-2015 yillarning qish mavsumida Angliya va Uelsda yoz mavsumiga nisbatan 43,9 mingga ko’proq kishi hayotdan ko’z yumdi. Bu 1999 yildan buyon eng yuqori ko’rsatkich bo’lib qolmoqda.

Manbaga ko’ra, marhumlarning aksariyati 75 yoshdan oshgan keksa yoshli kishilar bo’lgan. 36,3 ming o’lim holati aynan shu yosh guruhiga to’g’ri kelgan.

O’limning eng ko’p tarqalgan sababi — gripp. Statistikaga ko’ra, yurak va o’pka kasalliklariga chalingan kishilar ham qish mavsumida xavf guruhiga kiradi.

Britaniya meteorologlari qishning boshi sovuq kelishidan ogohlantirishmoqda. Ularning taxminlariga ko’ra, bu yilgi qish so’nggi besh yildagi eng sovuq qish bo’lishi mumkin ekan.

manba: Kun.uz

ULASHISH