Boks bo‘yicha superog‘ir vazn toifasida WBA va WBO versiyalari bo‘yicha jahon chempioni hisoblangan britaniyalik Tayson Fyuri faoliyatini yakunlash haqidagi bayonotidan bir necha soat o‘tib, sportda qolishini ma’lum qildi. Bu haqda Fyuri Twitter’dagi sahifasi orqali ma’lum qildi, deb xabar bermoqda “TASS”.

“Ҳa-ҳa-ҳa-ҳa, qiroldan osonlik bilan qutulamiz deb o‘ylagan edingizmi? Men qolaman. Men shunchaki OAV nimalarga o‘xshash ekanini ko‘rsatdim”, – dedi britaniyalik bokschi.

“Ahvolim yaxshilansa, kamarlarimni himoya qilaman”, – deya kamarlarini ushlab turgan suratini ilova qilib qo‘shimcha tarzda yozdi bokschi.

Avvalroq Tayson Fyuri boks u shug‘ullangan eng zerikarli narsa ekani hamda faoliyatini yakunlashga qaror qilgani haqida yozgandi.

Eslatib o‘tamiz, 2015-yilning noyabr oyida Tayson Fyuri 12 raundlik jangda Vladimir Klichkoni hakamlarning yakdil qarori bilan mag‘lubiyatga uchratib, IBF, WBA va WBO chempionlik kamarlarini qo‘lga kiritgandi.

Keyinroq britaniyalik bokschi majburiy jang o‘tkazishdan bosh tortgani uchun IBF kamaridan mahrum etilgan edi.

Qayd etish joizki, Fyuri ukrainalik Vladimir Klichkoga qarshi o‘tishi kerak bo‘lgan revansh jangini ketma-ket ikkinchi marta bekor qildi.

Keyinroq uning 22-sentabr kuni topshirgan doping testida giyohvand modda – kokain izlari aniqlangani haqida xabar qilingandi. Britaniyalik bokschi buning oqibatida barcha chempionlik kamarlaridan mahrum etilishi mumkin.

manba: Daryo.uz

ULASHISH