Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari Belarusning  “Onega” kompaniyasi tomonidan chiqarilgan “Tvikers” shokoladiga e’tibor qaratdi. Ishlab chiqaruvchi saytida bitta shokolad batoni ikki karra lazzatga ega ekanligi haqida ma’lum qilingan.

“VKontakte” foydalanuvchilari shokolad nomlanishi ikki mashhur brend Twix va Snickers nomlarining qo‘shilishidan hosil bo‘lganligini ta’kidladi.

“‘Onega’da huquqshunoslar yo‘qmi? Axir bu qonuniy emas”, — deydi foydalanuvchilardan biri.

Shokolad nomlanishi ba’zi foydalanuvchilarning kulgisini qistatdi va ular Twitter’da “Tvikers”ga bag‘ishlangan suratlarni joylay boshladi.

Belarusning “Marketing.by” onlayn-jurnali ma’lum qilishicha, Snickers va Twix savdo belgilari tegishli bo‘lgan Mars kompaniyasi yangi shokolad batoni haqida allaqachon xabar topgan.

“Fikrimizcha, mahsulot Mars kompaniyasining savdo belgilaridan foydalanish huquqini buzmoqda. Biz o‘z nomimiz va intellektual mulk huquqimizni qonuniy yo‘llar bilan himoya qilamiz”, — dedi kompaniyaning Qozog‘iston, Markaziy Osiyo, Kavkaz, Moldova va Belarusda korporativ masalalar bo‘yicha direktori Pavel Salixov.

manba: Daryo.uz

ULASHISH