Qirg’iziston prezidenti Almazbek Atambayev respublika hukumatining iste`fosi haqidagi farmonga imzo chekdi. Farmon u imzolangan vaqtdan boshlab kuchga kirdi. Bu haqda davlat rahbarining matbuot xizmati xabar qilgan

25 oktabr kuni parlament spikeri ko’pchilik koalitsiyasining tarqatib yuborilishi haqida rasman ma`lum qilgandi.

Xabarda aytilishicha, respublika vazirlar mahkamasining iste`fosi to’rtta deputatlik fraksiyalari o’rtasidagi kelishuv asosida shakllangan parlament koalitsiyasi maqomining yo’qotilishi haqida rasman e`lon qilingani bois qabul qilingan.

«2015 yil 2 noyabrda Qirg’iziston Jogorku keneshida SDPK, «Kirgizistan», «Onuguu-Progress», «Ata Meken» fraksiyalari o’rtasidagi koalitsion kelishuv asosida shakllangan Qirg’iziston respublikasi hukumati iste`foga chiqarildi deb hisoblansin», — deyilgan xabarda.

Shu bilan bir vaqtda bosh vazir, bosh vazir o’rinbosari, shuningdek, respublika ma`muriy boshqaruv rahbarlariga hukumatning yangi tarkibi va boshqarmalar rahbarlari tayinlangunga qadar vazifalarini bajarishni davom ettirish taklif etildi.

manba: Kun.uz

ULASHISH